SSVning yangilangan veb sayti ishga tushirildi

    Hozirda u test rejimida ishlamoqda.

    O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan yangilangan ssv.uz rasmiy veb sayti ishga tushirildi. Hozirda u test rejimida (o'zbek va rus tillarida) ishlamoqda.

    Bugungi kunda davlat organlarining saytlari, boshqa har qanday saytlar singari, ma'lumotlarga boy, yoqimli dizaynga ega, foydalanuvchilar uchun foydali va maxsus imkoniyatlarga ega bo'lishi kerak. Shuning uchun Sog'liqni saqlash vazirligi yangilangan ssv.uz rasmiy veb saytini ishga tushirishga qaror qildi.

    Yangi saytni ishlab chiqishda asosiy e'tibor quyidagi mezonlarga qaratildi:

    - dizaynni yangilash,

    - mobil qurilmalarda oson ko'rish,

    - interaktiv xizmatlarni joriy etish,

    - imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus funktsiyalar va boshqalar.

    Saytning asosiy sahifasida Sog'liqni saqlash vazirligi faoliyatining asosiy yo'nalishlariga, masalan, vazirlik faoliyati, respublika va hududiy miqyosdagi muassasalari to'g'risida to'liq ma'lumotlar, mavjud loyihalar, axborot tizimlari, aholi uchun interaktiv xizmatlar, vazirning virtual qabulxonasi, normativ hujjatlar va sog'liqni saqlash tizimining dolzarb yangiliklariga o'tish mumkin.

    Bir necha yil davomida Sog'liqni saqlash vazirligi rasmiy veb-saytining eski versiyasida juda katta miqdordagi me'yoriy hujjatlar, statistik ma'lumotlar, yangiliklar, foto va video materiallar bazasi to'plangandi. Shu munosabat bilan saytning eski versiyasiga havolani vaqtincha yangi saytning asosiy sahifasida saqlashga qaror qilindi. Vaqt o'tishi bilan barcha tegishli ma'lumotlar saytning yangi versiyasiga o'tkaziladi.

    Shuningdek, saytda Sog'liqni saqlash vazirligining "elektron poliklinika", "Imtiyozli xizmatlar ko'rsatish", "Shifokorlarning qabul jadvali", "Tibbiy muassasalarning reestrlari" va boshqa dolzarb loyihalari mavjud.

    eslatib o'tamiz, sayt hozirda test rejimida ishlamoqda va ma'lumotlar doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Agar saytning funktsionalligini yaxshilash bo'yicha takliflaringiz bo'lsa, Sog'liqni saqlash vazirligining AKTni rivojlantirish markaziga ict@minzdrav.uz elektron manzili orqali murojaat qiling, - deya xabar beradi Sog'liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.