24 Apr 2025
01:29

    Stanford Universitetining professori Jeyms Chang Toshkent tibbiyot akademiyasiga tashrif buyurdi

    Professor talabalar bilan “Plastik jarrohlik sanʼati: sanʼatkor boʻlishning yashirin yoʻllari” mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etdi.

    7-aprel kuni AQSHning nufuzli universitetlaridan biri boʻlgan, 2024-yil yakunlariga koʻra Times Higher Education reytingida 2-oʻrinda eʼtirof etilgan Stanford Universitetining Plastik jarrohlik boʻlimi mudiri, professor Jeyms Chang Toshkent Tibbiyot Akademiyasiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif davomida professor akademiyaning talabalar va izlanuvchilar uchun yaratilgan zamonaviy taʼlim sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

    Tashrifning bir qismi sifatida professor talabalar bilan “Plastik jarrohlik sanʼati: sanʼatkor boʻlishning yashirin yoʻllari” mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etdi. U oʻzining boy shifokorlik tajribasi va yuqori darajadagi jarroh boʻlish sirlari haqida soʻzlab berdi.

    Kunning ikkinchi yarmida professor Toshkent Tibbiyot Akademiyasining klinik oʻquv bazasi – “Chinor Tibbiyot Markazi”da “Qoʻl jarrohligi va mikroxirurgiya” mavzusida xalqaro mahorat seminarida maʼruza qildi. Maʼruzada plastik jarrohlikning, xususan, qoʻl jarrohligi va mikroxirurgiyaning murakkab va muhim jihatlari professor Chang tomonidan yoritildi. Shu bilan birga, professor bir nechta bemorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, amaliy tajribasini namoyish etdi.

    Professor Chang ishtirokchilarning bilim darajasi va qiziqishini yuqori baholadi. Shuningdek, u akademiyada yaratilgan sharoitlar iliq taassurot qoldirganini taʼkidlab, Oʻzbekistonning tibbiy taʼlim sohasidagi yutuqlarini eʼtirof etdi.

    Ushbu nufuzli professorning Toshkent Tibbiyot Akademiyasiga tashrifi va tashkil etilgan tadbirlar Oʻzbekistonda tibbiy taʼlimning jadal rivojlanayotgani va xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi. Bu tashrif akademiyaning global miqyosdagi obroʻsini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech