Startaplar bo'yicha qonun qabul qilinadi

    Mamlakatimizda 9 Yanvar 2021 1123

    Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov aytib o'tdi. 

    “Innovatsiya sohasini rivojlantirish uchun oldimizda turgan asosiy masala — huquqiy bazani mustahkamlash, maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish. Shu bois biz «Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqib, qabul qilinishiga erishdik.

    Bugungi kunda yoshlarimizning koʻpchiligi startaplarga qiziqadi, biroq startaplar boʻyicha huquqiy baza mavjud emas. Shu bois 2021-yilgi maqsadlarimizdan biri — startaplar toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqib, oxiriga yetkazamiz».

    «Innovatsiyalar qachon yaratiladi? Qachonki raqobat muhiti yaratilgan boʻlsa. Raqobat muhiti esa yangi innovatsion infratuzilmalar shakllansa, ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlansa paydo boʻladi.

    Oʻtgan yili Fanlar akademiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi ilmiy tashkilotlarga 68,8 milliard soʻmlik yangi, zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilindi. Bu yil esa olimlarimiz uchun 278 turdagi 100 milliard soʻmlik asbob-uskunalar xarid qilishni rejalashtirganmiz.

    2021-yilda 10ta yangi innovatsion infrastukturani ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. Xususan, Toshkent davlat texnika universitetida katta ilmiy-texnologik markaz faoliyatini boshlaydi. Bu — Talabalar shaharchasidagi barcha muassasa talabalariga xizmat qiladi».