Startaplar laboratoriyasi gʻoyalar loyihalarga aylanmoqda

    Davr yoshlari innovatsiyalar, gʻoya va tashabbuslarning bitmas-tuganmas manbaidir. Bugungi kunda yoshlar faolligi har qachongidan ham muhim, zero, ular jamiyat taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy kuchdir.

    Kelajagimiz egalarining orzu-intilishi, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish davlatimiz siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi boʻlib, bu yoʻlda ulkan ishlar qilinayotganiga guvohmiz. Xususan, ularni ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning oʻz intellektual salohiyatini namoyon qilishi uchun sharoitlar yaratishga, startap loyihalarni rivojlantirish va amalga oshirishga katta eʼtibor qaratilayotir. Iqtidorli yoshlarni kashf etishda hududlardagi Yoshlar texnoparklari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Nukus yoshlar texnoparki 2022-yil tashkil etilgan. Oradan qisqa muddat oʻtganiga qaramay, 3,5 mingdan ortiq yoshni qamrab oldi. Laboratoriyada ilmiy izlanishlar qilinib, yangi modda yaratiladi yoki biror mahsulot tekshiruvlardan oʻtkaziladi, tarkibi oʻrganiladi. Maqolada biz sizga tanishtirmoqchi boʻlgan ushbu texnoparkni startaplar laboratoriyasi deyish mumkin. Sababi 2023-yilning oʻzida texnopark aʼzolari tomonidan shakllantirilgan 18 ta loyiha davlat grantlarini yutib olib, amaliyotga joriy etilgan, 13 ta ­loyihaning prototipi yaratilgan. Xoʻsh, bu muvaffaqiyatlarning siri nimada?

    Texnoparkda jami 13 xodim faoliyat yuritadi. Zamonaviy kompyuter toʻplamlari, bepul internet, 3D printer, arduino va lego qurilmalari, shuningdek, oʻz loyihalari ustida ishlash uchun kovorking hudud mavjud. Iqtidorli, innovatsiya sohasiga qiziquvchilar xalqaro va ichki grantlarga yoʻnaltirib boriladi, loyihalarning prototiplarini ishlab chiqishda amaliy yordam koʻrsatiladi.

    Shu bilan birga, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda bilim berish uchun bir qancha kurslar ham tashkillashtirilgan. Ushbu kurslarda shu kungacha jami 734 oʻquvchi turli yoʻnalishlarda bilim olgan boʻlsa, shundan 67 nafari texnopark granti asosida oʻqitilgan.

    “InnoX” biznes inkubatori nima?

    — 2022-yil Yoshlar texnoparkida “InnoX” biznes inkubatori dasturi tashkil etilgan edi, — deydi texnopark direktori, innovator Rustamjon Madraimov. — Ushbu oʻquv kurslarida 43 yigit-qiz qatnashdi va dastur davomida loyihalarini shakllantirishda amaliy yordam oldi. “Start4region”, “Mirzo Ulugʻbek vorislari” va boshqa bir qancha xalqaro va ichki grantlarga yoʻnaltirildi. 2024-yilda biznes inkubator dasturini istiqbolli loyihaga ega jami 80 nafarga yaqin yosh muvaffaqiyatli tugatdi. Bunga koʻra, tibbiyot yoʻnalishida tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelayotgan 3 nafar yosh tadbirkor loyihalarini samarali davom ettirish maqsadida umumiy qiymati 150 ming AQSH dollari miqdorida xalqaro grantlarni qoʻlga kiritdi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil qilingan “Boʻlajak olim” tanlovida 10 nafar iqtidorli yosh oʻz ilmiy va innovatsion loyihalari namunaviy nusxalarini ishlab chiqarish maqsadida grantlarga ega boʻldi.

    Texnoparkda qanday loyihalar ishlab chiqilayotganini bilish maqsadida innovatorlarni suhbatga chorladik.

    “Prezidentimizga loyihamni taqdimot qildim”

    — Asli kasbim ekolog, — deb gap boshladi texnopark aʼzosi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi hayvonotlar ekologiyasi laboratoriyasi 2-bosqich doktoranti Sevara Rustamova. — Lekin yetti yil mobaynida gaz tarkibi va sifatini oʻrganuvchi mutaxassis sifatida ishladim. Dam olish kunlari tabiat qoʻyniga chiqib, oʻsimliklarni oʻrganishni kanda qilmasdim. Tumanimizdagi suv omboriga ish bilan borganimda suv boʻyidagi yashillik eʼtiborimni tortgan. Universitetdagi darslarda filtrlar toʻgʻrisidagi mavzular koʻproq qiziqtirgan. Botanika bogʻiga ekskursiya uyushtirilganida nilufarga oʻxshash gul eʼtiborimni tortgan...

    Xullas, ekolog ekanim sabab yashil goʻzallikdan ham bir shingil oʻzim bilan olib keldim. U uyimda shu qadar koʻpayib, yashnab ketdiki, oʻzim ham hayron qolib, qanday oʻsimlik ekani bilan qiziqa boshladim. Tajribali, sohada uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan mutaxassis ayolga olib bordim. U esa xursandligidan koʻzlari chaqnab, “Qoraqalpogʻistonda ancha yillardan beri buni qidirardik, topa olmasdik. Baliq va parrandalarga oʻgʻit, foydali ozuqa bu”, deb javob berdi.

    Meni doktoranturaga oʻqishga taklif qilishdi. Shu tariqa “Qoraqalpogʻiston Respublikasi sharoitida yuksak va tuban suv oʻsimliklarini koʻpaytirish va ularni qishloq xoʻjaligida qoʻllash” loyihasi dunyoga keldi.

    2023-yil 30-mart kuni Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida Prezidentimizga ishimni taqdimot qildim. Natijada bu loyihani roʻyobga chiqarish uchun 1 milliard 719 million soʻm ajratildi. Loyiha doirasida 4 ta doimiy, 8 ta mavsumiy ish oʻrni yaratildi. Uning asosiy vazifasi ifloslangan oqova suvdan qishloq xoʻjaligida shoʻrlangan yerni tozalashda va dehqonchilikda organik oʻgʻit sifatida foydalanishdir.

    Suvni filtrlovchi oʻsimlik

    Bugun suv hovuzlarida barqaror hayotni taʼminlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, suv omborlarining ekologik holatini yaxshilash, xilma-xilligini saqlash va koʻpaytirish jahon miqyosida katta ahamiyatga ega. Suv oʻsimliklarini har tomonlama oʻrganish ulardan xalq xoʻjaligining turli sohalarida foydalanish uchun keng imkoniyatlarni ochdi. Ularning tegishli substraktlarda rivojlanish darajasini bilish, turli ekologik sharoitlarda metabolizmning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash va yetishtirishda ekologik muammolarni hal qilish muhim. Xlorella (Chlorella vulgaris), pistiya (Pistia stratiotes L), baqatoʻn (ryaska, Lemna minor L) kabi suv oʻtlari va ularning biofiltr sifatidagi samaradorligi biologik oqova suvni tozalash texnologiyasini takomillashtirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Ushbu loyiha doirasida qishloq xoʻjaligi korxonalari va shahar kommunal obyektlaridan oqova suvlarning kimyoviy va bakteriologik tarkibini aniqlash, oqova suvni tozalash boʻyicha biologik tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

    Oddiy til bilan aytganda, suvni filtrlaydigan suv oʻtlari koʻpaytirilib, sotuvga chiqariladi. Uni baliqchilik bilan shugʻullanuvchilar baliq yetishtiriladigan suv havzalariga tashlaydi. Tozalangan suv havzalarida yetishtirilgan baliqlar isteʼmolga yaroqli deb topilgani katta yutuqdir. Qolaversa, suv oʻti tozalab bergan suvni qishloq xoʻjaligida ham samarali qoʻllash mumkin.

    “FabLab”, qilichbozlik uchun maxsus dastur va “Ekokasseta”

    Texnopark startaplari ichida yana uchta loyiha eʼtiborimizni tortdi. Xususan, 2024-yilda texnopark aʼzosi Indira Jumaboyeva “Interaktiv koʻrish oynasini ishlab chiqish” loyihasi bilan “Boʻlajak olim” tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, “FabLab” ishlab chiqarish maydonida loyiha namunaviy nusxasini ishlab chiqishga erishgan. Ushbu loyiha kiyim doʻkonlariga oʻrnatilib, mijozlarga kiyimni virtual reallik asosida kiyib koʻrsatish orqali mijozda qanday turishi va boshqa kiyimlarni ham taklif qilishga koʻmak beradi. Bundan tashqari, savdo hajmini oshirishda qoʻl keladi.

    Nafisa Oʻrazboyeva tomonidan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan sport turlari boʻyicha kadrlar salohiyatini yanada oshirish, yuqori malakali, chuqur kasbiy bilimlarga va axloqiy fazilatlarga ega malakali trenerlarni tayyorlash, qayta tayyorlash maqsadida VR koʻzoynaklar orqali qilichbozlik sport turini oʻrgatuvchi maxsus dastur ishlab chiqilib, hozirgi kunda sinov tarzda foydalanilmoqda.

    Texnoparkning faol aʼzolaridan yana biri Aygul Minboyeva esa oʻsimliklar rivoji uchun qulay shart-sharoit yaratish va ularning ildiz tizimiga zarar bermasdan yerga koʻchirib oʻtkazish imkonini beruvchi “Ekokasseta” innovatsion loyihasi bilan “Boʻlajak olim” tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Loyihaning dastlabki namunasi Nukus yoshlar texnoparki “FabLab” ishlab chiqarish zonasida tayyorlanib, sinovdan oʻtkazildi. Ekokassetalar orqali koʻchatlarning nobud boʻlishi deyarli istisno qilinadi, oʻsimliklarning yaxshi oʻsishi taʼminlanadi hamda erta va yuqori hosil beradi. Hozir loyihani yanada takomillashtirish maqsadida izlanishlar olib borilmoqda.

    Quyosh energiyasi bilan bogʻliq innovatsiyalar rivojlantiriladi

    Texnopark faoliyati davomida bir qancha yoshlarga koʻmak koʻrsatib kelayotganini muvaffaqiyatli loyihalar misolida koʻrdik. Kelgusi yillarda ham imkoniyatlarini yanada kengaytirib, bilimga chanqoq, iqtidorli yoshlarning rivojlanishi va oʻz ustida ishlashida amaliy yordam berib borishi shubhasiz. Masʼullarning aytishicha, 2025-yil yakuniga qadar texnopark aʼzolari tomonidan 100 ta innovatsion loyihani shakllantirish va ishlab chiqarish zonasida shakllantirilgan loyihalar prototiplarini ishlab chiqishda amaliy yordam berish rejalashtirilgan.

    Hozirgi kunda qayta tiklanuvchi energiyaga talab yuqoriligini inobatga olgan holda, quyosh energiyasi yordamida harakatlanuvchi qishloq xoʻjaligi texnika vositalarini ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Yaʼni quyosh energiyasi bilan bogʻliq innovatsiyalarga eʼtibor kuchaytiriladi.

    Sohiba MULLAYEVA,

    jurnalist