Xalqaro olimpiya qoʻmitasiga topshirilgan hisobotda keltirilishicha, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Portugaliya, Argentina va Hindiston 2024-yilgi jahon chempionatini oʻtkazish huquqi uchun kurash olib boradi. Shu oʻrinda aytish lozimki, 2020-yili Janubiy Koreyaning Pusan shahrida boʻlib oʻtishi lozim boʻlgan chempionat COVID-19 pandemiyasi tufayli qoldirilgan edi. Hindistonda 1987-yili, Shvetsiyada 2018-yili stol tennisi boʻyicha jahon chempionatlari oʻtkazilgandi. Portugaliya va Argentina davlatlari ilk bor mazkur sport turi boʻyicha dunyo birinchiligi finalini qabul qilish istagini bildirgan mamlakatlar hisoblanadi.
Xabarda bildirilishicha, bu yilgi jahon chempionatining final bellashuvlari AQSHning Xyuston shahrida yangilangan formatda, yaʼni yakkalik bahslarida 128 nafar oʻyinchi va juftlik bahslarida 64 juft har bir jamoaviy bahslarda qatnashadi.
— Xalqaro stol tennisi federatsiyasi jamoasi jahon chempionati finalini oʻtkazish uchun bunchalik koʻp davlatlarning sport tashkilotlari talabnoma bilan chiqqanidan juda xursandmiz. Shu paytgacha stol tennisi boʻyicha oʻtkazilgan hech bir rasmiy dunyo birinchiligini tashkil etishga bu qadar koʻp daʼvogarlar boʻlmagan edi. Albatta, jahon chempionatini oʻtkazish nafaqat mamlakatning sport nufuzini oshirishda, balki uning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida ham muhim rol oʻynashi sababli keyingi paytlarda katta musobaqalarni tashkil etish istagini bildirayotganlar safi kengayayotganligi bor gap. Istagimiz, JCH finaliga munosib infratuzilmaga ega boʻlgan davlat mezbonlik qilsin, — deydi xalqaro stol tennisi federatsiyasi ijroiya qoʻmitasi aʼzosi Gabor Feledji.
Jahon chempionatini oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan mamlakat nomi joriy yilning avgust oyidan keyin maʼlum boʻladi. Ungacha, tashkiliy qoʻmita belgilangan meʼyorlar asosida 2024-yilgi jahon chempionati finalini oʻtkazishga daʼvogar davlatlarning imkoniyatlarini oʻrganib chiqadi.
Toʻlqin ROʻZIYEV.