“Strandja” turnirida kecha kunning 1-yarmidan oʻrin olgan janglar yakunlandi. Kutilganidek, terma jamoamiz yetakchilari katta qiyinchiliksiz keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Jumladan, 60 kilogramm vazn toifasida Dilshod Abdumurodov Yevropa boks konfederatsiyasi aʼzosi Artur Tiniyevni 5:0, 71 kilogramm vazn toifasidagi bokschimiz Iqboljon Xoldorov braziliyalik raqibi Vanderson de Oliveyrani 4:1, xuddi shu vazndagi yana bir sportchimiz Saidjamshid Jaʼfarov esa isroillik Kapuler Miroslavni 5:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Shuningdek, 67 kilogramm vazndagi bokschimiz Behzod Hamidov serbiyalik raqibi Pavel Fedorovning ringga chiqmagani hisobiga keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Afsuski, 54 kilogramm vazndagi bokschimiz Muxlisa Xushvaqtova irlandiyalik Naim Feyga (0:5), 51 kilogramm vazndagi vakilimiz Asilbek Jalilov turkiyalik raqibi Gumush Sametga (2:3) imkoniyatni boy berib qoʻydi.

Bugun esa bir-biridan qiziqarli janglar kutib turibdi. Jumladan, 71 kilogramm vazn toifasida birinchi raqamli sportchi boʻlish uchun raqobatlashayotgan ikki bokschimiz – Osiyo oʻyinlari gʻolibi Iqboljon Xoldorov va 2 karra Osiyo chempioni Saidjamshid Jaʼfarovni qurʼa ikkinchi bosqichdayoq oʻzaro toʻqnash qildi. Bugungi juftliklar:

Kunduzgi dastur:
-63.5 kg: Ruslan Abdullayev – Dzimitri Dziashkevich (Yevropa boks konfederatsiyasi),
-63.5 kg: Mujbillo Tursunov – Lasha Gagnidze (Gruziya),
-57 kg: Abdumalik Xalakov – Jin Kaysedo (Ekvador),
-71 kg: Nurislom Ismoilov – Islam Yusuf (Jazoir),
-71 kg: Iqboljon Xoldorov – Saidjamshid Jaʼfarov.

Kechki dastur:
-54 kg: Mirazizbek Mirzahalilov – Dilan Igleson (Irlandiya),
-54 kg: Shahzod Muzaffarov – Pablo de Jezush (Braziliya),
-67 kg: Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev – Markos Mafaud (Argentina),
-67 kg: Behzod Hamidov – Lasha Guruli (Gruziya),
-80 kg: Odiljon Aslonov – Vanderley Pereyra (Braziliya),
-86 kg: Shohjahon Abdullayev – Kristian Dimitrov (Bolgariya),
-92 kg: Madiyar Saidrahimov – Mishel Erpelding (Lyuksemburg).