Ayniqsa, tarixiy ildizlari, tili, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari va dunyoqarashi bir-biriga yaqin xalqlarning hamjihatligi nafaqat ikki davlat taraqqiyoti, balki butun mintaqadagi tinchlik va barqarorlik uchun juda muhim. Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlarining koʻp asrlik qardoshligi ana shunday mustahkam maʼnaviy poydevorga ega.

Bugun esa bu qardoshlik strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning muhim tayanchiga aylanmoqda. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning yurtimizga navbatdagi tashrifi ham ana shu strategik hamkorlikning eng yorqin ifodasi desak, yanglishmaymiz. Mazkur tashrif nafaqat siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki inson kapitalini rivojlantirish, madaniyat, ilm-fan va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish jihatidan ham katta ahamiyatga ega boʻldi. Xususan, tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishi oʻtkazildi. Qator muhim hujjatlar imzolanib, yangi investitsiyaviy va iqtisodiy loyihalar boshlandi. Madaniy-maʼrifiy tashabbuslar amalga oshirildi.

Har bir mamlakatning taraqqiyoti taʼlimga berilayotgan eʼtibor bilan oʻlchanadi. Pedagog sifatida meni, tabiiyki, Oʻzbekiston — Ozarbayjon hamkorligining taʼlim va ilm-fan yoʻnalishi alohida qiziqtiradi. Chunki ikki davlat oʻrtasidagi bugungi hamkorlikning uzoq muddatli samaradorligi ayni shu bilan bevosita aloqador.

Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi boʻlgan taʼlim sohasi davlat rahbarlarining nazaridan chetda qolgani yoʻq. Bungacha 2024-yilda ikki tomon oʻrtasida maktabgacha taʼlim, kasbiy taʼlim, oʻrta maxsus, oliy taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikka oid hujjatlar imzolangan edi. Fuzuliy shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktabning ochilishi esa taʼlim sohasidagi hamkorlikning oʻziga xos ramzi boʻldi. Oʻzbekiston tomonidan qurilgan ushbu maktab nafaqat oʻquv maskani, balki ikki xalq doʻstligining yosh avlod qalbidagi timsolidir.

Endi Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi ana shu maʼnaviy koʻprikning yana bir salmoqli boʻgʻiniga aylandi. Yangi Toshkent hududida 40 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu zamonaviy taʼlim maskanining birinchi bosqichida 12 ming oʻrinli besh qavatli oʻquv binosi va ilgʻor laboratoriya majmuasi foydalanishga topshirildi. Prezidentlar ochilish marosimida ramziy lentani kesib, universitet hovlisiga koʻchat oʻtqazganini esa ikki davlat oʻrtasidagi maʼrifiy bogʻliqlik va kelajakka ishonch ramzi sifatida talqin etish mumkin.

Shubhasiz, Nizomiy Ganjaviy — birgina Ozarbayjonning emas, butun turkiy va Sharq adabiy-estetik tafakkurining buyuk namoyandasi. Uning nomi Oʻzbekiston poytaxtidagi pedagogik taʼlimning yirik dargohiga berilgani ikki xalq oʻrtasidagi maʼnaviy rishtalarning naqadar teranligini anglatadi. Buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy merosiga bagʻishlangan muzey ekspozitsiyasida esa adibning boy maʼnaviy merosi, hayoti va ijodi, shuningdek, oʻzbek va ozar xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik madaniy va adabiy aloqalar aks etgani bilan diqqatga sazovor.

Navbatdagi qadam ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, ilm-fan borasidagi yangi imkoniyatlarni ochish va oʻzaro ilmiy hamkorlik masalalarini chuqurlashtirishdan iborat. Pedagogika universiteti kelajak avlodga taʼlim-tarbiya beradigan muallimlar tayyorlanadigan maskan. Shu jihatdan uning zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlishi, xalqaro hamkorlikka ochiqligi, ilm-fan va innovatsiyalarga tayanishi butun jamiyatning kelajagiga daxldor masala.

Madaniyat sohasidagi hamkorlik ham oʻzining yorqin natijalarini koʻrsatmoqda. Ushbu qardosh xalqlar asrlar davomida adabiyot, musiqa, sanʼat, ilm-fan va maʼnaviyat sohalarida bir-birini boyitib, toʻldirib kelgan. Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy ijodiy merosi, mumtoz adabiyot anʼanalari, Sharq tafakkuri, umumiy turkiy-madaniy qadriyatlar xalqlarimizni birlashtiradigan ulkan maʼnaviy makondir.

Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi madaniyat kunlari, oʻz navbatida, Ozarbayjonning mamlakatimizdagi madaniyat kunlari, Shusha kunlarining Xivada oʻtkazilishi, sanʼat festivallari, adabiy anjumanlar doʻst xalqlarning bir-birini yanada teran anglashiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Buxoro va Lochin, Urganch va Xonkendi, Urganch va Naxchivon shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlari oʻrnatilishi toʻgʻrisidagi bayonnomalar imzolandi. 2027-yilda Oʻzbekiston va Ozarbayjon birgalikda FIFA U-20 jahon chempionatiga mezbonlik qilishi esa ikki davlat madaniyat va sport sohasidagi hamkorligining yorqin namunasi sifatida alohida eʼtiborga molik.

Bugun juda yuqori darajaga koʻtarilgan oʻzaro doʻstona munosabatlar va birgalikdagi saʼy-harakatlar zamirida 2024-yil avgustda tomonlar oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangani, taʼlim, fan, madaniyat, turizm, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan koʻplab hujjatlar qabul qilingani, davlat rahbarlarining oqilona siyosati mujassam.

Bu galgi tashrif esa ushbu munosabatlarning institutsional asoslarini yanada mustahkamlab, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishi davlatlar oʻrtasidagi strategik muloqotni muntazam va tizimli shaklda davom ettirish uchun muhim mexanizmga aylanganini koʻrsatdi. Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbari haqida fikr bildirarkan, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yuksalishida Prezident ­Shavkat ­Mirziyoyev bilan oʻrnatilgan samimiy doʻstlik va oʻzaro ishonch alohida oʻrin tutishini, uning birodarlik, birlik va ittifoqchilikni mustahkamlash yoʻlidagi tinimsiz saʼy-harakatlari qardosh yurtda chuqur hurmatga sazovor ekanini taʼkidladi. Bu esa mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar qanchalik mustahkam huquqiy asosga ega boʻlmasin, ularning amaliy samarasi, avvalo, siyosiy iroda, oʻzaro ishonch va insoniy munosabatlarga bogʻliqligining amaliy isbotidir.

Shu bilan birga, davlatlararo munosabatlar faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmay, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar ham izchil kengayishi muhim. Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash qiymati 2025-yilda 795 million dollar boʻlgan. 2026-yilning besh oyida esa bu koʻrsatkich yana 33 foiz koʻpayib, 144 million dollarni tashkil etdi. Eng katta maqsadlardan biri 2030-yilga borib oʻzaro tovar ayirboshlash qiymatini 1 milliard dollarga yetkazish boʻlib, bu ikki qardosh xalqning iqtisodiy integratsiyasi va oʻzaro manfaatli hamkorlik sari dadil qadam tashlayotganidan dalolat, albatta.

Transport-logistika sohasida ham muhim yutuqlarga erishildi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tranzit yuk tashish hajmi 2025-yilda 1,4 million tonnani tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilning birinchi yarmida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12,2 foiz oshdi.

Markaziy Osiyo bilan Kavkaz va Yevropa bozorlarini bogʻlovchi transport yoʻlaklarining rivojlanishi har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi, temir yoʻl va dengiz logistikasini rivojlantirish, yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi transport infratuzilmasini yaratish kun tartibidagi masalalardan.

Ikki davlat Oʻrta yoʻlak — Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlovchi tranzit tarmogʻi orqali bogʻlanishni kuchaytirishga kelishib oldi. Davlatimiz rahbari Kaspiy dengizida qoʻshma flot yaratish boʻyicha ishlarni jadallashtirish rejalarini ham maʼlum qildi. Bu esa mintaqaviy transport-logistika tizimini tubdan yangilashga xizmat qiladigan qaror. Shuningdek, Oʻzbekiston uchun parom qurilishi masalasida ham kelishuvga erishilgani maʼlum qilindi.

Buxoro — Sharq sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan, ilm-maʼrifat va maʼnaviyat shahri. Prezidentlarning 24-avgust kuni Sharif shaharga tashrifi ham ushbu tarixiy jarayonning mantiqiy davomi boʻldi. Buxoro bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi aloqalar ham shunchaki zamonaviy diplomatik munosabatlar mahsuli emas. Bu tarixiy shahar ikki xalqning qadimiy savdo ­yoʻllari, ilmiy-maʼrifiy aloqalari, adabiy va madaniy mushtarakligini namoyon etadigan muhim markazdir.

Menimcha, bugungi Oʻzbekiston — Ozarbayjon munosabatlarining eng katta kuchi odamlar qalbiga, hududlar hayotiga, oliy taʼlim muassasalariga, ilmiy jamoalarga, madaniyat va sanʼat maydonlariga kirib borayotganida. Biz — taʼlim sohasi xodimlari qardosh va doʻst xalq bilan ilmiy, madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oʻz hissamizni qoʻshishni sharafli vazifa deb bilamiz.

Professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, qoʻshma ilmiy loyihalar, qiyosiy tadqiqotlar, pedagogik tajriba almashinuvi, turkiy tillar va adabiyotlarni oʻrganish, yosh olimlar hamkorligini kuchaytirish — bular oldimizda turgan muhim vazifalardan. Chunki ikki davlat oʻrtasidagi bitimlar kelishuvlarni mustahkamlab, investitsiyalar iqtisodiy aloqalarni rivojlantirsa, madaniyat xalqlar qalbini bogʻlaydi. Ammo kelajakni birlashtiradigan nuqta taʼlimdadir. Bu sheriklik kelajakda yanada kengayib, ikki davlat farovonligi va mintaqaviy barqarorlikning muhim omiliga aylanishiga ishonchimiz komil.

Bahodir MAʼMUROV,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor

Hamkorlik materiali