“Street Law” loyihasi 1972-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlarida vujudga kelgan. Uning tashabbuskorlari Jorjtaun universiteti Huquq markazi professorlari boʻlgan.
Ularning fikricha, yuridik universitet talabalari professorlardan oʻrgangan huquqqa doir bilimlarini maktablarga borib oʻquvchilarga ulashishlari kerak edi. Hozir ushbu loyiha dunyoning 45 ta mamlakatida amal qilmoqda.
“Street Law” loyihasi mamlakatimizda rasman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yildagi farmoniga asosan joriy etilgan.
Loyihaning gʻoyasi shuki, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida joylashgan 14 ta yuridik texnikumning volontyor talabalari maktablarga borib, oʻquvchilarga huquqiy mavzularda dars beradi.
Ularga professor-oʻqituvchilar uslubiy koʻmak berib boradi. Bu faoliyat volontyorlik asosida olib boriladi. Hech kim ushbu loyihaga majburiy jalb etilmaydi. Maktablarda darslar interaktiv metodlarga asoslangan holda olib boriladi.
Katta hayotga qadam qoʻyayotgan oʻquvchilarning oʻz huquqlarini bilishi, boshqalarning huquqlarini esa hurmat qilishga oʻrganishlari kelajakda jamiyatmizda yuksak huquqiy ong va madaniyatga ega boʻlgan hamda fuqarolik pozitsiyasiga ega avlodning shakllanishiga zamin yaratadi.
“Street Law” loyihasi darslari huquqning barcha sohalarini qamrab olmagan. Dars mavzulari kundalik hayotda koʻp duch kelinadigan masalalarga bagʻishlangan. Bu inson huquqlari, isteʼmolchi huquqlari, voyaga yetmaganlarning mehnatga doir huquqlari, voyaga yetmaganlarning oiladagi huquqlari, voyaga yetmaganlarning jinoyati uchun javobgarlik, korrupsiyaga qarshi kurashish, ekologiyaga ehtiyotkorona va hayvonot dunyosiga insoniy munosabatda boʻlish bilan bogʻliq mavzulardir. Bundan asosiy maqsad oʻsmir yoshdagi shaxslarning kundalik hayotda tez-tez duch kelib turadigan huquqiy masalalarda oʻzlari yechim topa olishlariga erishishdir.
Loyiha Oʻzbekistonda rasman 2019-yilda joriy etilgan boʻlsa, 2021-yilda respublika miqyosiga olib chiqildi. Har yili loyihada ishtirok etishni istab murojaat qilayotganlarning soni oshib bormoqda.
“Street Law” loyihasida ishtirok etish orqali volontyorlar maktablarda shunchaki huquqiy bilim berish bilan cheklanmaydi. Balki bu orqali ularda kelajakdagi kasbiy faoliyatlari uchun zarur boʻlgan hayotiy koʻnikmalar shakllanib boradi. Mazkur koʻnikmalar sirasiga oʻziga ishonch, tanqidiy fikrlash, oʻzganing holatini his etish (empatiya), samarali muloqot, vaziyatga moslashuvchanlik, stressni yengish, liderlik, jamoada ishlash, javobgarlikni his etish, kreativlik, vaqtni toʻgʻri va samarali boshqarishni misol qilib keltirish mumkin.
Shuningdek, loyihada ishtirok etish orqali volontyorlarda huquqni, qonunni xalqchil, sodda tilda tushuntirib berish koʻnikmasi shakllanadi.
2020-2021 oʻquv yilida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan Toshkent shahri miqyosida olib borilgan “Street Law” loyihasida 86 nafar talaba-volontyor, 20 nafar professor-oʻqituvchi ishtirok etdi. Loyiha Toshkent shahrining 15 ta maktabida olib borildi va unda jami 900 nafar oʻquvchi qamrab olinib, ularga 196 ta loyiha darsi oʻtkazildi.
Yuridik texnikumlar tomonidan olib borilgan loyihada jami 469 nafar volontyor-oʻquvchi, 66 nafar professor-oʻqituvchi ishtirok etdi. Bunda, loyiha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari va tumanlarida joylashgan jami 116 ta maktabda joriy etildi. Ularda jami 7190 nafar maktab oʻquvchisi ishtirok etdi. Ular uchun jami 415 ta loyiha darsi oʻtkazildi.
Jamiyatda “Street Law” loyihasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari tashkil etildi, loyiha haqida tasavvurni shakllantirish, loyihaning volontyorlar va maktab oʻquvchilariga foydali jihatlarini yetkazib berishga qaratilgan videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ommalashtirildi.
Botirjon QOSIMOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti katta oʻqituvchisi,
“Street Law” loyihasi koordinatori