Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudida sud jarayonlari kechmoqda. Sudya jabrlanuvchi O. Oxunovadan voqea tafsilotlari xususida soʻradi. U sudyaga qarata: “Sudya uka, boʻlib oʻtgan ishlarni dehqoncha qilib aytib beraman-da”, deya gap boshladi.

– Peshona tering bilan topgan pulingni bir muttaham kuppa kunduz kuni firib berib, choʻntagiga urib ketsa, yomon alam qilar ekan, Qoʻqon shahridagi “Markaziy dehqon bozori”da qovun-tarvuz sotayotgan edim. Kechki bozor payti bir yigit kelib 2 ta qovun va 3 ta tarvuz tanladi. U bilan savdolashib, yuz ming soʻmga kelishdik. U yonida oʻzbek soʻmi yoʻqligini, “tishining kavagida” 100 AQSH dollarini asrab yurgani, bankdan dollarni soʻmga almashtirmoqchi boʻlgani, lekin bank yopilib qolganini aytdi. Uyida ertaga ehson qilayotgani, bozorlik uchun boshqa puli yoʻqligini yigʻlamoqdan beri boʻlib, yalinavergach, men sodda rozi boʻldim.

Xullas kelishib, men undan 100 dollar olib qaytimiga 950 ming soʻm berdim. Yigit oʻlgur: “Opajon olgan qovun, tarvuzlarimni bir chekkaroqqa qoʻyib turing, men yana bozordan ul-bul xarid qilib, keyin ularni olib ketaman”, dedi-da, oʻzini odamlar orasiga urdi. Ana kutdim, mana kutdim, u ketgancha badar yoʻqoldi. Qoʻlimdagi dollarni nariroqda savdo qilayotgan Oʻktamjonga koʻrsatsam, u qoʻliga olib: “ Ie, opa bu “tufta-ku” degandi, oʻzim ham ichi tushgan qovunga oʻxshab qoldim. Ikkovlashib tez “102” qoʻngʻiroq qildik. Ana shu-da, meni laqqa tushirib ketgan, – deya koʻrsatkich barmogʻi bilan panjara ortida oʻtirgan Jobir Nosirovni koʻrsatdi.

Soʻng afsus chekkanday boʻlib: Eh, iloji boʻlganda edi, bu tovlamachiga oʻz qoʻllarim bilan xamak qovundan boʻkkunicha yedirardim-da, dedi.

Alqissa, olib borilgan tergov davomida J. Nosirov oʻzi tayyorlagan ssenariy asosida odamlarga uzoq muddat davomida firib berib yurgani aniqlangan. Xususan, U Oʻzbekiston tumani Mingtut qishlogʻidagi savdo shahobchasi egasi X. Qoʻchqorovadan 120 ming soʻmlik savdo qilib, yasama 50 AQSH dollari berib? qaytimiga 410 ming soʻmni, Qoʻqon shahar Furqat koʻchasida R. Boymatovaga tegishli doʻkondan 180 ming soʻmlik mahsulot xarid qilib, qalbaki 100 dollarni berib, qaytimiga 870 ming soʻm, Rishton tuman Dehqon bozorida savdo qilib turgan I.Abdunazarovdan esa 5 ta erkaklar ichki kiyimini xarid qilib, unga ham soxta 50 dollarni berib, qaytimiga 480 ming soʻmni olib gʻoyib boʻlgan.

I.Abdunazarov chuv tushganini bilgach, zudlik bilan IIBga xabar bergach, Jobirni Qoʻqonga kiraverishda huquq-tartibot idoralari xodimlari “ehtirom koʻrsatib” kumushrang kishan bilan kutib olishgan. Ustasifarang Jobirning sudda koʻrsatma berishicha, 2014-yilgacha Rossiya Federatsiyasida mehnat muhojirligida boʻlgan. Emishki, u yerdagi ish beruvchilar ishlagan haqi uchun soxta dollarni tutqazishgan ekan. U bundayligini Qoʻqonga kelib, noqonuniy valyuta bozorida dollarni soʻmga ayirboshlayotganda u yerdagi “professionallar” aytishganda bilibdi.

Jobir qalbaki dollarlari borligini uyidagilardan salkam 8 yil sir saqlabdi. Oʻylay-oʻylay qalbaki dollardan ustamona foydalanish xususida chala-chulpa ssenariy yozib, rollarni taqsimlab, bosh rolni oʻzi ijro etib, birin-ketin sodda, ishonuvchan savdogarlarni chuv tushira boshlabdi. Odamlarga firib berishga jiddiy kirishib ketgan Jobir ssenariyning xotima qismini yozishga ulgurmay qoldi. Bu kemtikni sud hukmi toʻldirdi.

Inchunun, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar J.Nosirov hisobidan undiriladigan, oʻzi esa Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblanib qattiq rejimli koloniyaga ravona boʻladigan boʻldi. Xulosa oʻrnida aytish joizki, bozor-oʻcharlarda ayrim xaridorlar tomonidan oʻzbek soʻmim yoʻq edi, dollar yoki boshqa valyutada hisob-kitob qilaman, deguvchilar uchrab turadi.

Bunday holatda, birinchidan, tegishli qonun hujjatlariga koʻra chet el valyutasida savdo qilish mumkin emasligini, ikkinchidan, xorijiy valyutaning haqiqiy yoki qalbaki ekanligini bir qarashda anglash qiyinligini yodda tutgan maʼqul. Savdo-sotiq bilan shugʻullanayotgan har bir kishi milliy soʻmni sanab olayotganida ham hushyorlikni yoʻqotmasa, boshiga tashvish kamroq tushadi.

Xurshid QOSIMOV,

Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining raisi