Buxorolik yosh tadbirkor Zarina Joʼraeva bundan besh-olti oy ilgari ham qoʼlida gulday hunari boʼla turib, sharoit yoʼqligidan sarson yurgandi. Kuni oʼtyapti, turmush oʼrtogʼining topganini yeb, roʼzgʼor ishlarini saranjom-sarishta qilib oʼtiraveray desa, farzandlari ulgʼaymoqda. Uy-joy kerak, roʼzgʼordan biroz orttirib, ularning taʼlim olishi uchun sharoit yaratish zarur. Shularni oʼylarkan, osmonning yiroq, yerning qattiqligidan oʼkinardi...
Zarina 1992 yili Buxoro viloyatining Jondor tumanida tugʼilgan. Oilada toʼrt farzandning uchinchisi boʼlgan qiz bolaligidan mehnatga esh ulgʼaydi. Oʼqidi, biroq mutaxassisligi boʼyicha ish topilmadi. Buxoro shahrida ijaramaijara sarson yurib, yana qishloqqa qaytdi. Zarina nima qilib boʼlsa-da, oilaga yordam berishni, qoʼlidan keladigan ish — sartaroshlik orqali mahalla koriga yarashni istardi. Shunday kunlarning birida mahalla faollari uning joniga oro kirdi. Zarina “Rumish” MFY tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Subsidiya ajratilib, kerakli jihozlar oʼrnatib berildi.
— Аriza bilan murojaat qilgan kunimdan yigirma kun ham oʼtmay menga ish boshlashim uchun sharoit yaratib berishdi, — deydi Zarina Joʼrayeva. — Hozir sevimli ishim bilan bandman. Farzandlarim koʼz oldimda, ularni nazorat qilish imkoni bor. Buning ustiga roʼzgʼor ishlariga ham bemalol vaqtim boʼladi. Ilgari mahallamizdagi kelinlar, qizlar tuman markazidagi goʼzallik salonlariga qatnardi. Endi ularning vaqti ham, naqdi ham yoniga qolyapti.
Xizmatimiz markazdagi sartaroshlarnikidan arzon. Shuning uchun mahalladoshlar ham mamnun. Toʼgʼrisini aytsam, ishning bu qadar oson koʼchishini tasavvur ham qilmagan ekanman. “Mahalladagilar aytdi-qoʼydi-da”, deb uncha eʼtibor bermabman. Menga subsidiya ajratilganini eshitib shoshib qoldim, quloqlarimga ishonmadim. Demak, davlatimiz mening dardimdan xabardor boʼlibdi, koʼmak qoʼlini uzatyapti, deb oʼzimda yoʼq quvondim.
“Ish quroling soz boʼlsa, mashaqqating oz boʼlar” deb bejiz aytmagan donishmandlar. Zarina avval qoʼshnilar va qarindoshlarga imkoniyatidan kelib chiqib xizmat qilardi. Bunday paytlarda yo ishi oʼziga yoqmas yoki koʼp vaqt sarflardi. Endi bu muammolar ortga chekindi. Boz ustiga, mahalla qizlari orasidan “shogirdlikka oling”, deb keluvchi yoshlar koʼpaydi. Madina va Sitora Zarina opasidan allaqachon ish oʼrganishni boshlab yubordi.
Bugun Zarina Joʼraeva “Yoshlar daftari”dan chiqqan. Eʼtibor va koʼmak uning hayotini izga soldi. U endi katta-katta maqsadlarni koʼzlaydi.
— Аvvallari oldimga biror maqsad qoʼysam, “baribir amalga oshmaydi” yoki “chorasizman” deb tushkunlikka tushib qolardim. Endi esa bunday qoʼrquv chekingan. Subsidiya hayotimni oʼzgartirdi. Qoʼlimdan ish kelishi mumkinligini menga isbotlab berdi. Kelgusi yillarda kredit olib, ishimni kengaytirmoqchiman. Menga shogird boʼlish uchun qoʼshni qishloqlardan ham qizlar kelyapti. Bajonidil ularni yonimga olaman. Toki menga davlatimiz tomonidan qaratilgan eʼtibor atrofimdagi qizlarning ham hayotda oʼz oʼrnini topishiga yaratilgan imkon boʼlsin. Shunda men bu ishonchni oqlagan boʼlaman.