Sud-huquq masalalari boʻyicha ommaviy qabul natijalari qanday boʻldi?

    Mamlakatimizda 15 Aprel 2021 1817

    Prezident Xalq qabulxonalari Mirzachoʻl, Paxtakor, Baxmal, Zomin tumanlari va Jizzax shahrida sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilgan ommaviy qabullar platformasi viloyatning eng olis, chekka hududlari aholisi uchun oʻzlarini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish, rahbarlar uchun esa oʻz sohalari boʻyicha hududdagi tizimli muammolarni aniqlash imkonini berdi. Prezident Administratsiyasi masʼullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari har bir murojaatda aytilgan masalani shu sohaga daxldor mutasaddilar ishtirokida ochiq-oshkora, batafsil muhokama qildi.

    Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullari uch kunlik qabullarda 559 ta ariza-yu shikoyatlarni koʻrib chiqar ekan, ularning 171 tasiga joyida yechim topdi. Yaʼni 171 nafar insonning jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlar bilan bogʻliq masalasi hal qilindi, 171 ta oilaning katta tashvishlari aridi. Muammosi hal boʻlgan insonlarning oʻylariga, his-tuygʻulariga, fikrlariga quloq tutib, inson nimaniki boy bersa shuning qadriga koʻproq yetishiga bot-bot amin boʻldik. Aslida ham aybini tushunib yetgan, qilmishiga pushaymon odam hamisha oʻzini kechirishlariga, unga yana bir imkon berilishiga umid qilib yashaydi. Ayni shu umid-ishonch qabulga boshlab kelgan insonlarning oʻzi yoki yaqinlarining murojaatlari sinchiklab oʻrganilgach, jinoyat ishlari boʻyicha Jizzax shahar, Sharof Rashidov, Baxmal, Mirzachoʻl, Arnasoy, Zafarobod, Paxtakor, Zomin tumanlari sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 55 ta ish koʻrib chiqildi, ularning barchasi – 55 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Yaʼni ularga oʻz hayotini oʻnglab olishi uchun yana bir imkoniyat berildi, bu shartli ozodlikka chiqishning sharti esa bitta – boshqa jinoyat yoʻliga kirmaslik, huquqbuzarlik sodir etmaslik. Aks holda keyingi gal beriladigan jazo yana-da ogʻirroq boʻladi.

    Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Zafarobod va Paxtakor tumanlari sudlaridagi sud majlislarida koʻrib chiqilgan ishlar natijasida esa 7 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazolari yengilrogʻi bilan almashtirildi. Boʻkalik Umidjon Mamajonov sodir qilgan bezorilik jinoyati uchun qamoq jazosini oʻtayotgan edi. Uning jazoni yengillashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi sudda koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi – qamoq jazosi axloq tuzatish ishlariga almashtirildi.

    Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati esa paxtakorlik Azamat Xudoyberdiyevning aybini toʻliq tushunib yetgani va oilasida yagona boquvchi ekanini inobatga olib, ungaa nisbatan tayinlangan maʼmuriy qamoq jazosini jarima jazosiga almashtirdi. Shu bilan birga qabullardagi muloqotlar natijasida 36 nafar shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar sud majlisida koʻrilib, ularning arizasi qanoatlantirildi. Yaʼni 36 kishi maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilindi, bitta shikoyat boʻyicha sud qarori ijrosi toʻxtatildi.

    Shuningdek, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar 16 nafar shaxsning aliment, 13 kishining ish haqini, 3 nafar murojaatchining moddiy-maʼnaviy zararni, 3 nafar shaxsning qarz, taʼminot va kompensatsiya undirish, 8 ta holatda yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilash boʻyicha arizalarini qanoatlantirdi. Taraflar yarashganligi sababli aliment undirish haqidagi 2 ta sud buyrugʻi bekor qilindi, 3 ta holatda daʼvogar daʼvosidan voz kechganligi bois mazkur sud ishlari yuritishdan tugatildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlar olib borilib, 5 ta oila yarashtirildi, voyaga yetmagan 10 nafar farzandning hayotiga darz ketishining oldi olindi. Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi 5 nafar tadbirkorning 148,55 million soʻmlik daʼvo talablarini qanoatlantirdi.

    Uch kunlik qabullarda kelib tushgan 103 ta murojaat boʻyicha arizalar kassatsiya tartibida koʻrib chiqish uchun Oliy sudning tegishli sudlov hayʼatiga oʻtkazildi. Bu – 103 nafar murojaatchining ishini Oliy sudga taqdim qilish uchun azza-bazza yoʻl bosib poytaxtga kelib-ketishining oldi olindi, shu bilan birga, ular mazkur sud ishlari bilan bogʻliq barcha savollari yuzasidan Oliy sud masʼullari bilan yuzma-yuz gaplashib oldi deganidir.

    Deylik, baxmallik Nurbek Ankaboyevning arz qilishicha, u 2013-yil hududdagi bir jinoyat hakida xabar berib, boshiga balo orttirgan, hatto 3 yil umrini panjara ortida ham oʻtkazgan. U Oliy suddan ishni qayta koʻrib chiqib, barcha holatga qonuniy baho berishni soʻramoqda. Murojaatidan soʻng bu ariza asosidagi ish ham Oliy sudda qayta koʻrib chiqiladigan boʻldi.

    Bosh prokuratura mutasaddilari koʻrib chiqqan 185 ta masalaning 22 tasi joyida hal qilindi. Deylik, zominlik Nargiza Togʻayevaning murojaatidan soʻng shu kunning oʻzida unga 3 oylik aliment pullari undirib berildi, qoʻshimcha daromad topishi uchun tikuv mashinkasi ham sovgʻa qilindi.

    Nazira Tojiboyeva 2018-yilda Jizzax shahridagi uy-joyi, Toji Muslimova va Zuxra Sangilova esa 7 yil avval viloyat markazida joylashgan savdo doʻkonlari buzilgani uchun kompensatsiya puli berilmayotganidan shikoyat qilib keldi. Bu masalalarni viloyat hokimligi bilan oʻrganib chiqish va hal qilish boʻyicha Jizzax viloyati prokuraturasiga aniq muddatli topshiriq berildi. Baxmallik Rustam Turdiyevning nabirasi Akram Abdusattorov nohaq ishdan boʻshatib yuborilgani haqidagi arizasi ham murojaatchi ishtirokida batafsil oʻrganiladigan boʻldi.

    Ichki ishlar vazirligi masʼullari koʻrib chiqqan 78 ta masalaning ham 24 tasi shu yerda hal qilib berildi. Deylik, Orif Alimovning murojaatidan soʻng uning ichki ishlar xodimi boʻlishni niyat qilgan jiyani Azizbek Odilovga Ichki ishlar akademiyasiga oʻqishga tavsiyanoma beriladigan, Gulbahor Ahmedovaning esa nevarasini xorijda ishlayotgan qiziga, yaʼni bolani onasining oldiga olib borib berishi uchun pasport-viza bilan bogʻliq muammolarini hal qilishda koʻmak koʻrsatiladigan boʻldi. Sogʻligʻini tiklash uchun Hindistonga borishi lozim boʻlgan baxmallik Sherali Qoraqulov va uning turmush oʻrtogʻiga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirib berildi.

    Forishlik Komila Ermonova esa bu galgi ommaviy qabulga rahmat aytish uchun keldi. Sababi bu ayol 3 yil avval firibgarlarga duch kelib, Jizzax shahri “Zilol” mahallasidagi uyidan ayrilishiga bir bahya qolgan, oʻtgan yili oʻtkazilgan xuddi shunday muloqotlardagi murojaatidan soʻng esa ichki ishlar organlari jinoyat ishi ochgan edi. Shu yil mart oyida sud bu ishni koʻrib chiqdi va sud hukmi bilan Komila Ermanovaning oʻz uyiga egalik huquqi tiklandi. Muloqotlarda ayolga sud qarorini ijrosini taʼminlashda ham koʻmak koʻrsatilishi taʼkidlandi.

    Muloqotlar davomida barcha tashkilot-idoralarning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida 47 nafar murojaatchi ishga joylashtirildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 20 nafar fuqarolarga tikuv mashinkalari va elektr payvandlash uskunalari berildi, “temir daftar”dagi 60 ta oilaning toʻplanib qolgan 1,6 milliard soʻmlik ipoteka krediti qarzdorligi mahalliy byudjetdan qoplab beriladigan boʻldi.

    Jizzax viloyatida oʻtkazilgan ommaviy qabullarda 1 ming 67 nafar murojaatchining 1 ming 156 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 315 tasi joyida hal etildi, 275 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 566 ta masala boʻyicha Xalq qabulxonalari tomonidan aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.