Namangan viloyati ma'muriy sudida viloyat sudlari tomonidan 2023-yilning birinchi yarmi mobaynida odil sudlovni ta'minlash, bu orqali fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, muhofazalash borasida amalga oshirilgan ishlarga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'ldi. Unda jurnalist va blogerlarga sud raislari, o'rinbosarlari batafsil ma'lumot berishdi.
Namangan viloyati sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo'limi yozishicha, insonparvarlik tamoyiliga asosan hisobot davrida sudlar 9 (5) ta ish bo'yicha 10 (12) nafar shaxsni oqlagan. Qolaversa, 218 (267) nafar shaxs qilmishidan chin dildan pushaymonligi, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplagani uchun sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Sud qarorlariga binoan nikohdan ajratilgan oilalar soni 1 ming 393 tani tashkil etgan bo'lib, 2022-yilning 1-iyuliga nisbatan 158 taga ko'paygan. Sud yurituvidagi ishlarning 17 tasi yuzasidan esa er-xotinlarni yarashtirishga erishilgan. Namangan viloyat sudining sudlov hay'atlari, tumanlararo, tuman, shahar sudlariga jami 3 ming 687 ta murojaat kelib tushgan va mazkur raqamlar o'tgan yilga solishtirilganda 597 taga kamaygan.
Tahlillar, talqinlar, tafsilotlarda viloyatdagi sud idoralari tarafidan joriy yilning dastlabki olti oyida ko'rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy, ma'muriy ishlar ochiqlandi. Jismoniy va yuridik shaxslar yo'llagan murojaatlar miqdori-yu mazmuni, huquqiy targ'ibot tadbirlari haqida so'z yuritildi. Bugungi kunda sudlarni chinakam “Adolat qo'rg'oni”ga barqaror aylantirish yo'lidagi sa'y-harakatlar xususida fikr almashildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoqlar faollari o'zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar olishdi, shaffof jarayonlarni hamkorlikda yoritishga oid taklif-u tashabbuslarini bildirishdi.
Orifjon JO'RAYEV,
“Yangi O'zbekiston” gazetasi muxbiri