Bunday mamlakat xalqaro maydonda iqtisodiy va siyosiy jihatdan qudratli davlat sifatida tan olinadi. Xalqaro huquq qoidalariga asosan bunday davlat bilan boshqa davlatlar rasman yuridik aloqalar oʻrnatishadi.

Dunyoning turli mintaqalarida shiddat bilan sodir boʻlayotgan bugungi ziddiyatli jarayonlarda Oʻzbekiston taraqqiyotining rivojlanish yoʻli oʻzini oqlab, naqadar puxta rejalashtirilganligini isbotlamoqda.

Bularning barchasi, jamiyat hayotining turli sohalarida, xususan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijasidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi Farmoni bilan bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish, odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilangan boʻlsa, 2020-yil 10-avgustdagi Farmon bilan sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirishga eʼtibor qaratilib, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan olijanob gʻoyaning amaldagi ifodasi sifatida islohotlarning navbatdagi yangi bosqichi boshlab berildi.

Joriy yil 30-iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Muhtaram Prezidentimiz xalq sud-huquq tizimidan toʻla rozi deyishga hali asos yoʻqligini, xozirgi kunda qonunga xilof ravishda ushlab turish, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qilish holatlariga chek qoʻyish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida sodir boʻlgan fojiali holatlar natijasida ikki nafar fuqaro vafot etgani tizim rahbarlarini uygʻotishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerakligi alohida qayd etib, mazkur salbiy holatlar sud-tergov faoliyatini yana-da takomillashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish zarurligini taʼkidlagan edilar.

Shu munosabat bilan, Farmonda tergov va sud jarayonlarida shaxsning huquq-erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillar toʻplashni mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilgʻor xorijiy tajribada keng qoʻllanadigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Bunga koʻra, jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki ayblangan shaxsning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik, ularning himoyaga boʻlgan huquqini ular ushlangan paytdan boshlab, real taʼminlash, yaʼni, ularni himoyachi bilan holi uchrashuviga qadar soʻroq qilish man etilishi kabi qoidalar belgilanib, tergov-sud jarayonlaridagi protsessual harakatlarning sifat darajasi yana-da oshirilib, takomillashtiriladi.

Inson jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. U bilib-bilmay, tushunib-tushunmay jinoyatga qoʻl urib qoʻyadi. Qonunlarimizda ularning ham huquqlari mustahkamlangan boʻlib, tergov-sud harakatlari jarayonida ushbu huquqlarni taʼminlashga ularga nisbatan protsessual harakatlarni olib borayotgan mansabdor shaxslarni barchasi majburdirlar.

Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash bilan bogʻliq qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan boʻlib, Farmonda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olish boʻyicha yana-da samarali mexanizmlarni joriy qilish, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilangan boʻlib, bu albatta mamlakatimizning halqaro maydondagi nufuzini oshishiga xizmat qilibgina qolmay, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Konstitutsiyamizga koʻra, barcha fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

Shu bilan birgalikda, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.

Biroq, ayrim fuqarolarimiz (jinoyat sodir etgan shaxslar yoki ularning qarindosh-urugʻlari) oʻzlarining burchlari va majburiyatlarini unutib, faqatgina oʻz haq-huquqlarini talab qilib, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklariga putur yetkazib, ularni shaʼni va qadr qimmatini kamsitib, hatto davlat xizmatchilari yoki mansabdor shaxslarni haqoratlab, obroʻsizlantirish orqali oʻz maqsadlariga yetmoqchi boʻladilar.

Farmonda jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish orqali sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligini hamda shaxsga, jamiyatga, davlatga yetkazilgan zararlarni toʻliq qoplanishini taʼminlashni belgilanishi, Jinoyat kodeksining insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga mos boʻlib, qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Amaldagi Jinoyat kodeksida shaxsning aybni boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilishi, chin koʻngildan pushaymon boʻlishi, jinoyatni ochish uchun faol yordam berishi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilishi jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida eʼtirof etilgan boʻlsada, endilikda agar shaxs qayd etilgan talablarga rioya qilgan boʻlsa, surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi va ushbu kelishuvga asosan sud tomonidan unga oʻzi aybli deb topilgan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning yarmidan koʻp boʻlmagan miqdori yoki muddatigacha jazo tayinlanishi belgilanmoqda.

Bu albatta, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqasadini koʻzlamasligi, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarar hamda yetarli boʻladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi haqidagi insonparvarlik tamoyilini taʼminlaydi va jazoni liberallashtirish borasidagi navbatdagi ilgʻor islohot sifatida baholanadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan amalga oshirayotgan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va boshqa yoʻnalishlardagi aloqalari yana-da rivojlandi. Mazkur aloqalar doirasida fuqarolarimizga, ayniqsa tadbirkorlarga dunyoning istagan mamlakatiga hech bir toʻsiqlarsiz chiqish imkoniyatlari yaratib berildi.

Bugungi tergov-sud amaliyotida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga munosib xissasini qoʻshayotgan ayrim tadbirkorlar yoxud fuqarolarni jinoyat ishlarida jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida ishtirok etishga jalb qilishga toʻgʻri kelmoqda. Albatta bu holat dastlabki tergov va sud protsessi tugagunga qadar ularni oʻz faoliyatlarini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlarga chiqish imkoniyatlarini cheklab kelayotgan edi.

Bundan tashqari, dastlabki tergovda soʻroq qilingan guvoh yoki jabrlanuvchining ishni sudda koʻrilgunga qadar ogʻir kasallikka chalinib qolishi tufayli uni sudda soʻroq qilishni imkoni boʻlmay, bu holatlar boshqa taraflarning eʼtirozlariga sababchi boʻlayotgan edi.

Farmonda guvoh va jabrlanuvchini ogʻir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zaruriyati tufayli ularni kechroq soʻroq qilish imkoniyati boʻlmagan taqdirda koʻrsatuvlarni gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga koʻra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qoʻyish (deponirovaniye) tartibini joriy qilishni belgilanishi bu boradagi kemtiklarni bartaraf etib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlaydi.

Jinoyat ishlarini sudda koʻrish jarayonida sudlanuvchini ayblovini ogʻirrogʻiga oʻtkazish yoki boshqa shaxsni javobgarlikka tortish lozimligi aniqlangan taqdirda ish boʻyicha davlat ayblovini quvvatlayotgan prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakilini iltimosiga koʻra ishni prokurorga yuborish belgilangan boʻlib, bu holat ayrim taraflarning, manfaatdor shaxslarning haqli eʼtirozlariga sababchi boʻlayotgan edi. Endilikda, qayd etilgan holatlar yuzaga kelganda sudga iltimosnoma kiritish huquqini barcha taraflarga berilayotgani norozigarchiliklarga barham beradi.

Jinoyat qonunchiligida yarashuv institutining joriy etilishi jinoiy huquqiy munosabatlarni erkinlashtirishda samarali vosita sifatida jabrlanuvchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning kengroq qoʻllanilishiga imkon yaratdi.

Shunday boʻlsada, yarashuv institutini qoʻllashni faqatgina birinchi instansiya sudlariga berilishi, shu bilan birgalikda shaxsning harakatlarini u ayblanib sudga berilgan Jinoyat kodeksi moddasi (qismi, bandi)dan yarashuv instituti doirasiga tushadigan moddasi (qismi, bandi)ga qayta kvalifikatsiya qilgan holda yarashuv institutini qoʻllash mumkin emasligi qaysidir maʼnoda yarashuvga boʻlgan huquqni cheklab turgandek edi.

Bundan tashqari, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan barcha toifadagi shaxslarga yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinmasligi belgilangan edi.

Farmon orqali jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida koʻrilayotganidan qatʼiy nazar shaxsga eʼlon qilingan ayblovni yarashuv instituti doirasiga tushadigan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi (qismi, bandi)ga qayta kvalifikatsiya qilib, yarashuv institutini qoʻllash tartibini joriy etilishi, shuningdek, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoidaning voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmasligini belgilanishi oʻzbek xalqining ezgulik, kechirimlilik kabi koʻp asrlik anʼanalariga mos boʻlib, inson manfaatlari hamma narsadan ustunligi haqidagi gʻoyani chin maʼnoda taʼminlab, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Farmonda shaxs oqlangan taqdirda ushbu jinoyatni haqiqatda sodir etgan shaxsni aniqlash va uni ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun jinoyat ishini prokurorga yuborish tartibini oʻrnatilishi belgilanayotgani qonunchilikdagi ushbu kamchilikni bartaraf etib, Jinoyat kodeksidagi qonuniylik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini taʼminlaydi.

Oʻylamizki, Farmonda belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etilishi jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlab, shaxsning tergov va sud harakatlari jarayonidagi huquq va erkinliklarini kafolatlashga, ularning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Davlatmirza Kamilov,

Jinoyat ishlari boʻyicha

Namangan viloyat sudi raisi