Shu bilan birga, uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklanganligi fuqarolarning ortiqcha vaqti va mablagʻi sarflanishiga, bir soʻz bilan aytganda, kassatsiya tartibidagi shikoyatlarni koʻrish vakolati faqat Oliy sudga berilganligi fuqarolarning ortiqcha sarsongarchiligiga sabab boʻlayotganligi va ish hajmining keskin oshib ketishiga olib kelyapti.
Ushbu masalalar va uning huquqiy asosini tartibga solish borasidagi muhim jarayonlar joriy yil 2-avgustda boʻlib oʻtgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining navbatdagi majlisida qizgʻin muhokama etildi.
Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Majlisda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun, amaliyotga kiritiladigan yangi talablar va imkoniyatlar dastlabki tarzda muhokama etildi.
Senatorlar soʻzlariga koʻra Qonun yuqorida aytib oʻtilgan muammolarni bartaraf etish, eng asosiysi fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.
Xususan, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida koʻrib chiqish vakolati viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga oʻtkazilyapti.
Shuningdek, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud qarorlarini taftish tartibida koʻrish instituti joriy qilinyapti hamda apellyatsiya shikoyatini berish muddati 2 baravarga (yaʼni 20 kundan 10 kunga) qisqartirilyapti.
Shu bilan birga yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi sudlar qarorini bekor qilgan holda ishni yangitdan koʻrish uchun quyi sudga yuborish amaliyoti tugatilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Muhokamalar natijasida kun tartibiga kiritilgan masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.