Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan sud-huquq islohotlarida tizimni munosib kadrlar bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani maʼlum. Bu boradagi amaliy ishlarning hosilasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 06.01.2019-yildagi PQ-4096-sonli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabini tashkil etildi. Mazkur dargoh Oʻzbekiston sud tizimi tarixida ilk bor faqat sudyalarni, sud apparati xodimlarini tayyorlaydigan, ularning malakasini oshiradigan davlat taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadiga aylangan “adolatni qaror toptirish”ga qodir boʻlgan sudyalar korpusini shakllantirishga koʻmaklashishdir.  Shu oʻrinda, boʻlajak sudyalarda sudyalikdek masʼuliyatli kasbni toʻlaqonli bajarishi uchun zarur boʻlgan nazariy bilimlar, kasbiy etika qoidalari, psixologiya, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish koʻnikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash texnologiyasi, huquq normalariga sharh berish va qoʻllashni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Sudyalar oliy maktabining eng asosiy vazifalaridan biri grant asosida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdir.   

Sudyalikka nomzodlar fuqarolik huquqi, jinoyat huquqi, iqtisodiy huquq va maʼmuriy huquq yoʻnalishlari boʻyicha tayyorlanadi. Shu oʻrinda, Sudyalar oliy maktabini 2020 oʻquv yilida jami 59 nafar, 2021-yilda 73 nafar tinglovchi sudyalikka nomzodlarni tayyorlash boʻyicha magistratura oʻquv kursini tamomlagan. Shundan, 114 nafari (87 %) sudlik lavozimiga tayinlanganligini qayd etish lozim.

Mazkur raqamlar sudyalik lavozimlariga tayyorlash kurslari oddiy malaka oshirish kurslariga emasligi, bunda daʼvogarlar oʻrtasida raqobat katta va jiddiy koʻrinishda boʻlishini yana bir bor tasdiqlaydi.  Sudyalar oliy maktabi faoliyati boshlanganligiga endigina uch yil toʻldi. Gap shundaki, bu borada andoza oladigan, oʻrganadigan milliy tajriba yoʻq edi. Oʻtgan qisqa davr tashkiliy-huquqiy nuqtayi nazaridan Sudyalar oliy maktabining shakllanish yillari boʻldi deyish mumkin. Shu sababli ham bu yildan Sudyalar oliy maktabiga qabul jarayonlariga yangi tartiblar joriy etildi.

Qayd etish lozimki, Sudyalar oliy maktab tayyorlov kurslariga oʻttiz toʻrt yoshdan kichik boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga va yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida yetti yillik ish stajiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi qabul qilinadi.

Tayyorlash kursida oʻqish uchun:        

jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs;

sudlangan yoki oʻziga nisbatan jinoyat ishi reabilitatsiya qilmaydigan asoslar boʻyicha tugatilgan shaxs;

xorijiy davlat fuqaroligiga ega boʻlgan yoki xorijiy davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi yashash guvohnomasiga yoxud boshqa hujjatga ega boʻlgan shaxs;

sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxs;

psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxs;

sudyaning vakolatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan boshqa kasallikka chalingan shaxs shaxslardan hujjatlar qabul qilinmaydi.

Yangi tartibga koʻra, Oliy maktabga hujjat topshirish har yili 15-apreldan 15-mayga qadar davom etadi. Oʻtgan yili Oliy maktabga kirish sinovlari mutaxassislik va chet tili boʻyicha testdan hamda huquqiy mavzudagi insho yozishdan iborat boʻlgan boʻlsa, bu yildan boshlab Oliy maktabga kirish sinovlariga psixologik test va ogʻzaki suhbat ham joriy etildi. Psixologik test va suhbatlar orqali sudyalarning dunyoqarashi, sudda boʻladigan turli holatlarga chidamliligi, vaziyatga baho berish koʻnikmasi, hatto ichkilikka va korrupsiyaga moyilligi haqida tavsiyaviy xarakterdagi xulosalar olinadi.        

Kirish sinovlari qoida tariqasida avgust oyida oʻtkaziladi.

Qabul kvotasi Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda belgilanadi. Maʼlumot uchun, qabul kvotasi 2019/2020 oʻquv yillarda 60 nafar, 2020/2021-yillarda 75 nafar, 2021/2022-yillarda 76 nafarni tashkil etgan.

Shu oʻrinda yana bir maʼlumot: oʻtgan oʻquv yilida sudyalik lavozimiga tayyorlash magistrutara bosqichiga 289 nafar daʼvogar hujjat topshirgan boʻlsa, ularning 76 nafari test sinovlari asosida tinglovchilikka qabul qilindi. Bu yil sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash kurslariga hujjat topshiradiganlar soni oʻtgan yilgidan ham bundan ham koʻp boʻlishi kutilmoqda.

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslar asosiy ish joyi boʻyicha lavozimidan ozod qilinadi, biroq ularning egallagan lavozimi butun oʻqish davri mobaynida saqlanadi va ularga sudya yordamchisining bir oylik mehnatiga haq toʻlash fondi miqdorida stipendiya toʻlanadi.

Biroq, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida oʻqish dasturini bajarmagan yoki taklif etilgan sudyalik lavozimini egallashni rad etgan tinglovchilar oʻqish davrida olingan stipendiya summasini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga toʻliq miqdorda qoplab beradi.

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash kurslariga qabul qilishning xos boshqa talab va shartlari hamda ularga sharh va tushuntirishlar Kengash va Oliy maktabning axborot resurslarida muntazam eʼlon qilinib borilmoqda.