«Prezident farmon iga asosan sudyalik lavozimlariga munosib kadrlarni tanlash va tayinlashning yangi tartibi joriy etildi. Bunda xolislik va shaffoflikni taʼminlash ustuvor vazifa qilib belgilandi.
Birinchidan, OAV orqali boʻsh sudyalik lavozimlariga ochiq tanlovlar muntazam eʼlon qilib borilmoqda.
Ikkinchidan, sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlashga oid ochiq tanlovlarga axborot texnologiyalari tatbiq etish yoʻlga qoʻyildi. Natijada inson omili keskin cheklanib, tanlov jarayoni ochiq va shafof oʻtishi taʼminlanmoqda. Tanlovni bevosita va bilvosita (onlayn tarzda) kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Uchinchidan, Sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dastur ishlab chiqilib, sinovdan muvaffaqiyatli oʻtib, toʻliq ishga tushirildi.
“Psixologik test” elektron dasturi yordamida nomzodning qatʼiylik, bosiqlik, jizzakilik, stressga chidamlilik, korrupsiya, alkogolizmga moyillik va boshqa psixologik xususiyatlari aniqlanadi. Psixologik test natijasi professional psixolog tomonidan oʻrganib chiqilib, tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan xulosa tuziladi. Mazkur xulosa nomzodning sudyalik lavozimiga tayinlanishida alohida eʼtiborga olinadi.
Joriy yilning birinchi yarimida mazkur yangi tartib va ochiq tanlov asosida 202 nafar (yoki barcha nomzodlarning 72,4 foizi) nomzod sudyalik lavozimiga tayinlandi.
Yana bir yangilik: Sudyalar oliy kengashi tomonidan sudyalar faoliyatini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashning aniq mezonlari ishlab chiqildi. Mazkur elektron dasturni amaliyotga tatbiq etish choralari koʻrilayotir».