Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillari qatnashdi.

Maʼlumki, Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi Chortoq tuman markazidan 35 km uzoqlikdagi Baliqli koʻl qishlogʻida joylashgan. Ziyoratgohda islom olamining tabarruk avliyolaridan biri Sulton Uvays Qaraniyning maqbaralari mavjud.

Muhtaram Prezidentimiz 2017-yil 7-iyul kuni Uvays Qaraniy ziyoratgohiga tashrif buyurganlaridan soʻng, ziyoratgohning 6 gektar maydonida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, 1500 tupdan ortiq manzarali daraxtlar va gul koʻchatlari ekildi.

Sulton Uvays Qaraniy maqbarasi toʻliq qayta qurildi.

1400 oʻringa moʻljanlangan masjid va tahoratxona, maqbara yonida ayvon, zamonaviy mehmonxona, milliy muzey va kutubxona, 3 ta favvora, dam olish ayvonlari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari qurildi.

Uvays Qaraniy ziyoratgohining janubiy tomonida onalari Bibi Naima ona ziyoratgohi joylashgan. Bibi Naima ona ziyoratgohida ham qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 4 gektar maydon obodonlashtirilib, 1000 tupdan ortiq manzarali daraxtlar ekildi. Bularning barchasi ziyoratgohning koʻrkiga koʻrk bagʻishlab turibdi.

Ushbu ziyoratgohning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu muborak maskan bugun oʻzgacha chiroy ochgani, ziyoratchilar uchun barcha qulaylik va sharoitlar yaratilgani, keyingi 4 yil ichida mamlakatimizda qurilish sohasidagi yangi, zamonaviy jahon standartlariga toʻliq javob beradigan binolar, inshootlar qad rostlayotgani, tarixiy obidalarimizni qurish va rekonstruksiya qilishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladilar.

Shuningdek, ushbu ziyoratgoh ziyorat turizmini rivojlantirish borasida navbatdagi muhim qadam boʻlgani, bir soʻz bilan aytganda Namangan viloyatining tashrif qogʻoziga aylanishi eʼtirof etildi.

Shu kuni ishtirokchilar ziyoratgohdagi bunyodkorlik va qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan soʻng, Sulton Uvays Qaraniyga bagʻishlangan ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya ishida 100 ga yaqin mahalliy va xorijlik olimlar, professor-oʻqituvchilar on-layn tarzda ishtirok etdi.

Unda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oishirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ulugʻ allomalarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini oʻrganish va xalqimizga yetkazishning ahamiyati haqida toʻxtalib, buyuk ajdodlarimiz qadamjolarining obod etilishi xalqimiz maʼnaviyatining yana-da yuksalishiga bois boʻlayotganini qayd etdilar.

Tantanali ochilish marosimi doirasida majmuada Qurbonlik qilinib, tadbir ishtirokchilariga dasturxon yozilib, ezgu duolar qilindi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita

Axborot xizmati