Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga koʻra, quyidagilarni nazarda tutuvchi Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi:
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish boʻyicha erishish lozim boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlar, shu jumladan:
— sunʼiy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va koʻrsatiladigan xizmatlar hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;
— YAIDXP (my.gov.uz) da sunʼiy intellekt asosida koʻrsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish;
— sunʼiy intellekt yoʻnalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga yetkazish hamda yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish;
— Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) Oʻzbekistonni birinchi 50 ta oʻrindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish.
2025-yil 1-sentyabrgacha loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash maqsadida qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq barcha axborot xavfsizligi choralarini koʻrgan holda “katta maʼlumotlar” bazasi yaratiladi.
2026-yil 1-maygacha sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida maʼlumotlarni qayta ishlash uchun moʻljallangan hisoblash quvvatlari ishga tushiriladi.