Ammo, amalda nisbatan kichik, ayni paytda iqtisodiyoti keng raqamlashtirilgan boshqa mamlakatlar sun’iy intellektdan foydalanishda yetakchilik qilayapti.

Microsoft hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida dunyodagi mehnatga layoqatli aholining qariyb 17,8 foizi sun’iy intellektga asoslangan vositalardan muntazam foydalangan, ya’ni ular bilan oyiga kamida 90 daqiqa vaqt o‘tkazgan.

Birlashgan Arab Amirliklari mutlaq jahon yetakchisiga aylandi: u yerda mehnatga layoqatli aholining 70 foizdan ortig‘i sun’iy intellektdan faol foydalanadi. Ikkinchi o‘rinni 63% ko‘rsatkich bilan Singapur egalladi, deb xabar berdi naked-science.ru.

Shu bilan birga, ko‘plab yetakchi sun’iy intellekt modellarini ishlab chiquvchilar joylashgan AQSh texnologiyani joriy etish darajasi bo‘yicha hatto dastlabki yigirmatalikka ham kirmaydi.

Ko‘plab Yevropa davlatlari – jumladan, Norvegiya, Irlandiya, Fransiya, Ispaniya va Niderlandiyada sun’iy intellektdan foydalanish darajasi 40 foizdan yuqori. Yevropa mamlakatlari bu borada nega yuqori o‘rinda?

Chunki, avvalo, ularda raqamli iqtisodiyot, sifatli internet rivojlangan, qolaversa, raqamli xizmat ko‘rsatishga odatlangan mutaxassislar ko‘p. Shu bilan birga, ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar hozircha sun’iy intellektni joriy etishning dastlabki bosqichida turibdi. Bu kelgusi o‘n yillikda mehnat unumdorligi va iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan global tafovutni keltirib chiqarmoqda.

AQSh sun’iy intellektga sarmoya kiritish, modellarni ishlab chiqish va hisoblash infratuzilmasini ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi bo‘lishiga qaramay, bu mamlakatda sun’iy intellektdan muntazam foydalanish darajasi 31,3 foizni tashkil etadi. Bu boshqa yetakchi yigirmata mamlakatga qaraganda past sanaladi. Tahlilchilar buning sabablaridan biri sifatida AQSh hududining kattaligini ko‘rsatmoqda. Bunday ulkan va xilma-xil mehnat bozorida sun’iy intellektni joriy etish Singapur yoki BAA kabi ixcham va markazlashgan raqamli iqtisodiyotlarga qaraganda ancha qiyin.

Tadqiqot, shuningdek, sun’iy intellektni yaratish bilan undan kundalik faoliyatda foydalanish o‘rtasidagi tafovut ortib borayotganini ta’kidlaydi. To‘g‘ri, Amerika hali ham modellarni ishlab chiqish, chiplarni loyihalash va venchur moliyalashtirishda yetakchilik qiladi, biroq ba’zi kichik davlatlar sun’iy intellektni oddiy ish jarayonlariga tatbiq qilishda ilg‘or.

Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyo allaqachon dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 15 ta sun’iy intellekt bozorining 10 tasini o‘z ichiga olgan. Eng keskin o‘sish Janubiy Koreyada qayd etildi: 2025-yilning birinchi yarmidan 2026-yilning birinchi choragigacha u yerda sun’iy intellektdan foydalanish 43,2 foizga oshdi. Tailand (36,2%), Yaponiya (34,1%) va Mo‘g‘uliston (32,2%) ko‘rsatkichlari ham tez o‘smoqda.

Asosan, bu sakrash ingliz tilidan boshqa tillarda sun’iy intellekt sifatini jiddiy yaxshilash bilan bog‘liq. So‘nggi bir yil ichida sun’iy intellekt xizmatlari osiyolik foydalanuvchilar uchun ancha foydali bo‘ldi, mintaqa davlatlari esa raqamli infratuzilmaga faol sarmoya kiritmoqda.

Qizig‘i shundaki, Xitoy hozircha nisbatan past ko‘rsatkichni – taxminan 16% ni namoyish etmoqda. Biroq, bunday aholiga ega mamlakatda o‘rtacha o‘sish ham yuz millionlab yangi sun’iy intellekt foydalanuvchilarini qo‘shishi mumkin.

Sun’iy intellekt kundalik ishga tobora chuqurroq kirib borar ekan, uni joriy etish sur’atlaridagi farqlar keyingi o‘n yillikda iqtisodiy tengsizlikning asosiy omillaridan biriga aylanishi mumkin – xuddi bir paytlar global raqobatni ommaviy raqamlashtirish va internetning tarqalishi o‘zgartirganidek.