Maʼlum qilinishicha, holat bojxona organlari hamda DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan.
Joriy yil 8 aprel kuni Afg‘onistondan O‘zbekiston orqali Qozog‘istonga tranzit tarzda yo‘l olgan yuk avtomobili tekshiruvdan o‘tkazilgan. Hujjatlarga ko‘ra, transport vositasida 4,1 tonna og‘irlikdagi 750 dona afġon qozonlari bo‘lgan.
Transport vositasi Z-Portal inspektsion ko‘rik majmuasi orqali tekshirilganda, ayrim yuklarda shubhali holatlar aniqlangan. Shundan so‘ng qozonlar qaytadan rentgen orqali ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Qo‘shimcha tekshiruvlar davomida ayrim qozonlar boshqalariga nisbatan qalinligi va shakli bilan farq qilishi aniqlanib, ular maxsus uskunalar yordamida ochib ko‘rilgan.
Natijada 750 ta qozondan 210 tasi ichiga yashirin usulda jami 191 kg ga yaqin gashish joylashtirilgani maʼlum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu giyohvandlik vositalarining qora bozordagi qiymati taxminan 5 mln AQSh dollaridan oshadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.