Ertalabdan “Bolajon” bogʻidagi maydonda sportchini kutib olish uchun kichik yoshdagi sportsevar bolalardan tortib yoshlar, keksalar, turli jamoat tashkilotlari vakillari, Surxon elining alp oʻgʻlonining yutugʻidan qalbida faxr, koʻksida gʻurur tuygan borki jam boʻlishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Toʻra Bobolov sportchiga “Scoda” rusumli avtomobil kalitini tantanali ravishda topshirdi va bugun surxon elida ulgʻayayotgan har bir oʻgʻlon Bahodir Jalolovning yutugʻidan ulgu olib oʻsishini, bunday havas esa vohaliklar orasida katta yutuqlarni qoʻlga kiritadigan, ertasiga ishonch bilan boqadigan farzandlar safi koʻpayishini taʼkidladi.
Bokschi soʻz olar ekan, vohadoshlarining qoʻllab-quvvatlovi unga hamisha kuch berishini, yangi choʻqqilar sari yetaklashini aytdi.
Maydonda toʻplanganlarning nigohida birgina samimiyat, faxr va havas borligini fahmlash qiyin emas. Chunki farzandi dunyoni zabt etishini istaydigan onalar, otalar koʻp. Zero, ana shunday chempionlarni tarbiyalash uchun esa yuragida oʻti bor, farzandi haqiqatdan ruhlantira oladigan onalar kerak.
Tadbirdan soʻng, sportchi oʻz ona qishlogʻi Sariosiyoga joʻnab ketdi. U yerda ham sportchini oʻzgacha ruh, oʻzgacha kayfiyatda munosib kutib olishdi.
Usmonali NORMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri