Surxondaryo hokimi har oyda bir afgʻonistonlik investorlarning muammolarini oʻrganadi

    Investitsiyalar 23 Fevral 2021 647

    Bu haqda viloyat hokimi Toʻra Bobolov vohada tadbirkorlik bilan shugʻullanib, oʻz biznesini yuritayotgan qoʻshni Afgʻoniston Islom Respublikasi ishbilarmon doirasi vakillari bilan boʻlgan uchrashuvida maʼlum qildi.

    Ochiq muloqot chogʻida, ularning yutuq va muammolarini tinglab, tadbirkorlar oʻrtaga tashlagan masalalarga eʼtibor qaratdi.

    Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻanining soʻnggi yillardagi uchrashuvlari ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik, birodarlik rishtalari, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Xorijiy investorlarga yurtimizda yaratilgan qulay muhitdan foydalanib, afgʻon ishbilarmonlari Surxon vohasida sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar koʻrsatish kabi tarmoqlarni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgani qayd etildi.

    Bundan sanoqli yillar muqaddam Surxondaryo viloyatida qoʻshni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida 40 dan ortiq qoʻshma va xorijiy korxona faoliyat yuritgan boʻlsa, joriy yilda ularning soni 300 ga yaqinlashdi. Pandemiya dunyo iqtisodiyotiga chang solgan oʻtgan yili afgʻon sarmoyadorlari hududga 33 million dollar qiymatida investitsiya kiritib, viloyat qishloq xoʻjaligi, sanoat, qurilish va xizmat koʻrsatish sohalariga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, voha korxonalari Afgʻonistonga 42 million dollardan ortiq qiymatdagi mahsulotlarni eksport qilgan. Uning asosiy qismini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tashkil etadi.

    Ochiq muloqotda yuzga yaqin afgʻonistonlik tadbirkor ishtirok etdi. Ularning ellikka yaqin murojaati tinglanib, oʻrtaga tashlagan muhim masalalarga yechim izlandi. Jumladan, Boysun tumanidagi “PRB Investment Co” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Kaser Surej Ahmad elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olish uchun loyihani ishga tushirguncha alohida transformator oʻrnatib berish va Sherobod sement zavodidan klinker mahsuloti olishda yordam soʻradi. Bu masala tegishli tashkilotlar tomonidan yaqin kunlarda hal etiladigan boʻldi. “Grin Gold Nurseri” masʼuliyati cheklangan jamiyati boshligʻi Ismatullo Rahimiy Sariosiyo tumanida 25 gektar maydonda intensiv mevali bogʻ barpo etgani, biroq dala shiyponi qurishga mahalliy hokimlikdan ruxsat ololmayotganini bayon etdi. Bu muammo ham oʻz yechimini topadigan boʻldi. Unga bogʻ yonida yengil konstruksiyali shiypon qurish tavsiya etildi. Termiz tumanidagi “Termiz yung ishlash” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Mahdum Asadulloning kirish ruxsatnomasini bir yilga uzaytirish boʻyicha soʻragan yordami ham joyida hal etildi.

    Boysun tumanidagi “Boysun taraqqiyot Muhammad” fermer xoʻjaligi 70 gektar maydonda kovrak oʻsimligini parvarishlaydi. Ikkita chorva kompleksi barpo etib, Qozogʻistondan 240 bosh qoramol, Pokiston davlati va Navoiy viloyatidan besh yuz bosh echki olib kelgan. Ayni paytda xoʻjalikda 120 dan ortiq kishi mehnat qiladi. Xoʻjalik rahbari Kamoliddin Kamol kovrak shirasini eksport qilish uchun kvota olish hamda chorvachilikni rivojlantirish uchun yaylov ajratishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻradi.

    – Murojaatimni eshitgan viloyat rahbari tez kunlarda uni hal etib berishga vaʼda qildi, – deydi afgʻonistonlik Kamoliddin Kamol. – Oʻtgan yili xorijga 800 ming dollar qiymatidagi mahsulotni joʻnatgan edik. Yana 50 tonnaga yaqin shifobaxsh mahsulotimiz bor. Oʻzbekistonda tinchlik, osoyishtalik boʻlgani uchun biz yon qoʻshni vohaga mablagʻ tikib, oʻz biznesimizni yuritayapmiz. Keyingi yillardagi eʼtibor va berilayotgan imtiyozlardan juda mamnunmiz. Bu osuda yurtingizda biznesimizni yana-da rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi.

    Qabul chogʻida afgʻonistonlik ishbilarmonlar zamonaviy klinika, xususiy maktab barpo etish, mehmonxona va umumiy ovqatlanish nuqtasi, chorvachilik kompleksi qurish, dorivor giyohlar, meva-sabzavot yetishtirish uchun yer maydoni ajratish, doimiy yashash huquqini olishda koʻmaklashish kabi masalalarni ham oʻrtaga tashladi.

    Muloqotda qoʻshni davlat ishbilarmonlarining aksariyat murojaatlari joyida yechimini topdi. Hal etilishi vaqt talab qiladigan masalalar boʻyicha muddat belgilanib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.

    Uchrashuvda Afgʻoniston Islom Respublikasining Termiz shahridagi bosh konsuli Sangin Skandari, Oʻzbekiston Respublikasining Mozori Sharif shahridagi konsuli Javhar Fattoyev ishtirok etdi.