Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari F.Tashpulatov tibbiyotda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida xizmat safari bilan Turkiyada boʻldi.
Tashrif davomida Istanbul shahrida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) boʻyicha boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiya doirasida Turkiyaning koʻp tarmoqli shifoxonalarni boshqarish bilan nom qozongan “Sam Yapi Group” kompaniyasi rahbari bilan G2B formatda uchrashuv oʻtkazildi.
Muloqotda kompaniya faoliyati, Turkiya va boshqa xorij davlatlarida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat turlari boʻyicha atroflicha maʼlumot berildi.
Shuningdek, komaniya rahbari kelgusida davlat-xususiy sheriklik asosida yurtimizning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida gemodializ markazlarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Sam Yapi Group” kompaniyasi oʻrtasida ushbu loyiha boʻyicha qiymati 10 mln AQSH dollarilik anglashuv memorandumi imzolandi.