Dastlab, Surxondaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar koʻrib chiqildi.

Xususan, viloyatda 2022-yilda yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 34,8 trillion soʻmni tashkil etgan va 2017-yilga nisbatan 2,4 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,2 baravarga oʻsgan. Tadbirkorlik subyektlari soni qariyb 2,5-martaga ortgan. 2022-yilda 250 million dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb etilgan (ushbu koʻrsatkich 2017-yilga nisbatan 14 baravarga oshgan).

Taʼkidlanganidek, joriy yil yanvar-iyun oylari davomida hududiy bandlik dasturi doirasida 254,2 ming kishi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish oʻrinlariga joylashtirilgan.

Xorazm viloyatida esa 2022-yilda yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 31,9 trillion soʻmni tashkil etgan va 2017-yilga nisbatan 2,6 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,4 baravarga oʻsgan.

2017–2022-yillarda investitsiya dasturlari doirasida 22,5 trillion soʻmlik 8 700 dan ziyod loyihalar ishga tushirilgan.

Ushbu davrda turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 19 ta yirik savdo markazi, 121 ta dam olish va sogʻlomlashtirish markazlari va boshqa turistik obyektlar tashkil etilgan, turistlarga xizmat koʻrsatuvchi sayyohlik tashkilotlari soni 5 baravarga oshgan.

Muhokamalar jarayonida senatorlar amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mavjud kamchilik va muammolarga ham eʼtibor qaratdi.

Jumladan, Surxondaryoda oʻz vaqtida tegishli choralar koʻrilmaganligi tufayli viloyatning Bandixon, Boysun, Denov, Qiziriq, Qumqoʻrgʻon, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Sherobod va Shoʻrchi tumanlarini 2021–2023-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida jami 255 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilmagan.

Xorazm viloyatida 2023-yilning birinchi choragi holatiga ishsizlik darajasi 9 foizni tashkil etib, yuqoriligicha qolyapti.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga ajratilgan resurs mablagʻlaridan foydalanish darajasi ayrim mahallalarda juda pastligicha qolyapti. Xususan, Xonqa, Hazorasp, Shovot va Urganch tumanlarining ayrim mahallalarida joriy yil yanvar-iyun oylari uchun ajratilgan resurs mablagʻlarining oʻzlashtirilishi 15-45 foizni tashkil etgan, xolos.

Bundan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va xorijiy kreditlarni oʻzlashtirish boʻyicha joriy yil yanvar-iyun oylari uchun belgilangan prognoz koʻrsatkichlari Bogʻot tumanida 13 foiz, Hazorasp tumanida 38 foiz va Urganch shahrida 44 foizga bajarilgan.

Majlisda mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlari ijrosi hamda “Tashabbusli byudjet” jarayonlariga ham eʼtibor qaratildi.

Xususan, “Tashabbusli byudjet” tadbirlari doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishini oʻrganish yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklar aytib oʻtildi.

Qayd etilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida oʻrganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish boʻyicha tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Muhokama yakunida bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.