Yigʻilish davomida viloyatda investitsiyaviy, sanoat va eksport faoliyatini yanada ragʻbatlantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari investitsiyalar va eksportning joriy koʻrsatkichlari boʻyicha hisobot hamda hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berdilar, shuningdek, kelgusidagi rejalari bilan tanishtirdilar.

Xususan, Hududiy investitsiya dasturiga muvofiq, 2022-yilda Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 672 million dollarga teng boʻlgan 762 loyihani hayotga joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 14 795 ish oʻrni yaratiladi. Yangi ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish va eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan manzilli chora-tadbirlar tufayli yil oxiriga qadar viloyatda eksport koʻrsatkichlari qariyb 400 million dollardan oshishi kerak.

Ishlab chiqarishni toʻxtatgan yoki toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni reanimatsiya qilish orqali hududning sanoat salohiyatini oshirish boʻyicha ishlarning borishi muhokama etildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishni jadallashtirish, shuningdek, viloyatda sanoat obyektlarining faoliyatini muntazam monitoring qilib borish vazifasi yuklatildi.

Har bir tumanning sanoat salohiyatiga mos yangi yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishi ustidan doimiy monitoring olib borish va tashabbuskorlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyatda tashkil etilgan “loyiha guruhlari”ni faol jalb etish topshirildi. Shu bilan birga, ichki va tashqi bozorda xaridorgir va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga eʼtibor qaratish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Davlat rahbarining 2021-yil iyun oyida viloyatga tashrifi chogʻida berilgan koʻrsatmalarining bajarilishi hamda Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi topshiriqlarning ijrosi oʻrganildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.