Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Surxondaryoda 1 ming 560 megavatt quvvatga ega boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish uchun 225 million yevro ajratishini eʼlon qildi.

“A” kategoriyasiga kiruvchi mazkur loyiha 2022-yilning aprelida ishlab chiqilgan boʻlib, shu yil 17-may kuni soʻnggi baholash ishlari olib borilgandi. Loyiha Surxondaryo viloyatining Angor tumanida, “Uchqizil” suv omborining shimoli-sharqida joylashgan hududda amalga oshiriladi.

Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad esa Oʻzbekiston Respublikasi energetika sektorini karbonsizlashtirish strategiyasiga muvofiq, yuqori samarador elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishdan iboratdir.

Shuningdek, Islom taraqqiyot banki ham ayni shu maqsadlar uchun 100 million yevro miqdorida mablagʻ ajratmoqda.

Ahamiyatlisi shundaki, bu investitsiyalar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga davlatning hech bir kafolatisiz yoʻnaltirilishi moʻljallangan.