Surxondaryoda Dongfeng avtozavod qurishni taklif qildi

    Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov “Dongfeng Liuzhou Motor Co., Ltd” kompaniyasining Jilin universiteti Sindao avtomobil tadqiqot instituti vitse-direktori Fu Xao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv chogʻida mamlakatimizning sanoat, avtomobilsozlik va ishlab chiqarish sohalaridagi imkoniyatlari, shuningdek, Surxondaryo viloyatining salohiyati va hududiy afzalliklari haqida batafsil maʼlumot berildi. Mazkur maʼlumotlar asosida Xitoy kompaniyasining viloyatda zamonaviy avtomobil zavodi tashkil etish boʻyicha taklifi muhokama qilindi.

    Muzokaralar davomida Xitoy kompaniyalarining soʻnggi yillarda global avtomobilsozlik bozorida egallab borayotgan mavqei va ularning ilgʻor texnologiyalari alohida qayd etildi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini chuqur oʻrganish va uni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida har ikki tomon mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar oʻtkazishga kelishib olindi.