Kuchli yog‘ingarchilik va sel oqibatida Boysun tumani hududidagi neft saqlash inshootining shikastlanishi natijasida neft aralash suyuqlik tabiiy oqimlar orqali pastki hududlarga tarqalgan.

O‘rganishlar natijasida tarkibida neft bo‘lgan aralashma Boysun tumanidagi "Xongaronsoy" hududidan oqim bo‘ylab Bandixon tumani va Qumqo‘rg‘on tumaniga, "Surxon" daryosiga,shuningdek Jarqo‘rg‘on tumani hududidagi "Zang" kanali orqali Angor tumanigacha yetib borgan.

Hozirgi vaqtda vaziyat Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, Jarqo‘rg‘on tumanidagi "Zang" kanali va unga tutash hududlarda neft mahsulotlarini ushlab qoluvchi maxsus to‘siqlar o‘rnatilib, suv yuzasidagi neft qatlamini mexanik usulda yig‘ib olish ishlari olib borilmoqda.

Ifloslangan suvni ajratish va zararsizlantirish uchun maxsus texnikalar jalb etilgan.

Shuningdek Boysun tumanidagi neft aralash suyuqlik qaynab chiqayotgan hududdagi sel yo‘llari yopilib, neft aralashmasi lokalizatsiya qilindi.

Mazkur holat yuzasidan atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash, sabab va omillarni o‘rganish, shuningdek mas’ul subyekt, jumladan "Surxan Gas Chemical Operating Company" MChJ qo‘shma korxonasi faoliyatiga huquqiy baho berish bo‘yicha tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.