Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi” majmuasida oʻtkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirda Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, viloyat ijodkorlari, mutasaddilar, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda viloyat rahbari ardoqli shoirni Surxondaryo ahli nomidan samimiy tabriklab, uning asarlarida yurtimizning goʻzalligi, xalqimiz ruhi va milliy qadriyatlarimiz chuqur ifoda etilganini taʼkidladi. Shuningdek, shoir ijodida insonparvarlik, Vatanga muhabbat va inson shaʼnini ulugʻlash gʻoyalari muhim oʻrin tutishini qayd etdi.
Tadbir davomida yozuvchi va ijodkorlar, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari shoir asarlaridan namunalar oʻqishdi. Shu bilan birga, Usmon Azimning hayoti va ijodiga bagʻishlangan videolavhalar namoyish etildi.
Ayni paytda viloyatning barcha hududlarida atoqli ijodkorimiz, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim tavalludining 75-yilligi munosabati bilan adabiy-maʼnaviy uchrashuvlar va ijodiy kechalar oʻtkazilmoqda.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim 1950-yil 13-avgust kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tavallud topgan.








