Surxondaryoda supurgilar dastasiga yashirilgan 612 kg «gashish« fosh qilindi

    Oʻrtacha 25 sm uzunlikdagi polietilen oʻramlar 2986 dona supurgi dastasi orasiga sariq rangdagi skotch bilan mohirlik bilan yashirilgan.

    2025-yil 9-fevral kuni “Ayritom” chegara bojxona posti orqali respublikamiz hududidan tranzit tarzida oʻtish uchun kirib kelgan yuk avtotransport vositasiga ortilgan 13,5 tonna ogʻirlikdagi supurgi xodimlarning diqqatini tortdi, deb xabar beradi Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati.

    Maʼlum qilinishicha, avtotransport “Termiz” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tasarrufidagi bojxona omboriga keltirilib, undagi tovarlar toʻliq bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Aniqlanishicha, yuk avtotransport vositasiga 180 ta qopda supurgi joʻxorisi oʻsimligidan tayyorlangan 22 ming 500 dona xoʻjalik supurgilari ortilgan.

    Mazkur supurgilarni sinchiklab koʻzdan kechirish davomida, 2986 dona supurgilarning dastalari orasiga aynan supurgi rangiga mos ravishda – sariq rangdagi skotch bilan oʻralgan oʻrtacha 25 sm uzunlikdagi polietilen oʻramlar mohirlik bilan yashirilgani fosh boʻldi.

    Ushbu oʻramlar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib koʻrilganida, ularning ichiga oʻrtacha 200 gr. ogʻirlikdagi, oʻtkir hidli, toʻq jigarrangli giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holatda 2986 dona supurgi dastaklaridan ajratib olingan oʻramlardagi modda dastlabki tezkor analiz natijalariga koʻra “gashish” giyohvandlik vositasi boʻlib, ularning umumiy ogʻirligi 612 kg.ni tashkil qilmoqda.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur giyohvandlik vositasining qora bozorlardagi narxi taxminan 16,5 mln AQSH dollaridan oshadi.

    Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.