Tezkor tadbirlar Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan oʻtkazildi.
Aniqlanishicha, Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani hokimining oʻrinbosari hokimlik zaxirasidagi 9 gektar yer maydonini poliz ekinlari ekish uchun 4 oyga ijaraga berishni vaʼda qilib, Sherobod tumanida yashovchi fuqarodan 90 mln soʻm talab qilgan. U joriy yil yanvar oyida mazkur mablagʻning 30 mln soʻmini olgan.
Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida qolgan 60 mln soʻmni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Shunga oʻxshash holat Namangan viloyati Chust tumanida ham qayd etildi. Hokimning mahallalardan biridagi yordamchisi “Sadacha” kichik sanoat zonasidan qarindoshiga ajratilgan 43 sotix yerning 20 sotix qismini boshqa fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 23 ming AQSH dollari talab qilgan.
U vaʼda qilingan pulning 10 ming dollarini olayotgan vaqtida qoʻlga olingan. Hozirda unga nisbatan firibgarlik hamda pora berishga dalolat qilish moddalari boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holatlar yer resurslaridan foydalanish sohasida taʼmagirlik holatlari saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi keskin choralar koʻrilayotgani qayd etilmoqda.
Yer va mulk bilan bogʻliq barcha jarayonlar ochiq auksion orqali, qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshirilishi shart.