Bugun maʼrifat ziyosi — “Maʼnaviyat festivali” nafasi kirib bormagan Surxondaryo viloyatining hech bir hududi qolmadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, badiiy musiqiy kechalar, ilmiy-maʼrifiy davra suhbatlari barchaga birdek manzur boʻlmoqda.

Xususan, surxon ahli Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan tashkil etilgan “Maʼnaviyat festivali” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni katta qiziqish bilan qarshi olmoqda.

Ayniqsa, “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi doirasida ehtiyojmand oila farzandlari, nogironligi boʻlgan insonlar, yakka-yolgʻiz qariyalar holidan xabar olinib, koʻngli koʻtarilmoqda. Ularga hadyalar ulashilmoqda.

Termiz tumani “Orol” MFYda istiqomat qilayotgan 30 nafardan ortiq ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun oʻquv qurollari toʻplami, shuningdek 10 ga yaqin xonadonlarga kitoblar, Angor tumanidagi “Sharq guli” MFYda joylashgan “Nurli maskan” koʻzi ojiz bolalarga moʻljallangan maktab-internat oʻquvchilariga ham 25 ta oʻquv qurollari toʻplami, Muzrabot tumani “Duoba”, “Gulobod”, “Anorzor”, “Yakkatol”, “Fidokor” MFYda yashovchi “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga ham shunday sovgʻalar topshirildi.

Eʼtiborli jihati loyiha davomida olimlar, ziyolilar, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining masʼul xodimlari, elimiz suygan sanʼatkorlar, aktyor-aktrisalar, shor va yozuvchilar har loyiha ishtirokchilarining har biri bilan dildan suhbatlashib, ularning qiziqishlari, kelajakdagi maqsadlari bilan qiziqdi. Ularga oʻz yoʻlini topishlarida asqotadigan maslahatlarini berishdi, ijodga qiziqadigan bolalarga Oʻzbekiston xalq shoirlarining oʻzlari master klasslar oʻtib berishdi.

Eng muhimi, xalqimizning koʻngli shod. Duoʻoga qoʻl ochgan otaxonu onaxonlardan tortib, tetapoya boʻlayotgan bolajongacha barcha xursand.