Surxondaryoda Yunon-Baqtriya tarixi muzeyi tashkil etilmoqda

    Turizm 6 Iyul 2022 1778

    Bu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi “Uzundara” arxeologiya yodgorligini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 308-son qaroriga ko'ra amalga oshirilmoqda.

    Dastlab muzey uchun ajratilgan joylarning koordinatlari aniqlanib, hudud xaritasiga kiritildi. 21x14 metr maydonda muzey loyihasini tuzish bo‘yicha kelishib olindi.

    Shuningdek, Surxondaryo viloyati Turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zebuniso Alimardonovaning ta'kidlashicha, tashkil etilayotgan Sayrob turizm qishlog‘ida muzey bilan bir qatorda turizm infratuzilmasini yaxshilash va boshqa xizmat ko‘rsatish turlarini joriy etish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

    Shu bilan birga, Madaniy meros agentligi tomonidan yodgorlikning muhofaza hududini belgilash, obyektni pasportlashtirish, restavratsiya va konservatsiya qilish bo‘yicha ham loyihalar tayyorlanmoqda.