Mohiyatida mardlik, jasurlik, epchillik, qatʼiyatlilik fazilatlari mujassam qadimiy chavandozlik sport oʻyini — oʻloq-koʻpkari musobaqasida vohamizning barcha tumanlaridan, qoʻshni viloyatlardan kelgan yuzlab chavandoz-polvonlar ishtirok etdi, minglab ishqibozlar kuzatib bordi.

Musobaqa avvalida vohaning bir guruh mashhur chavandozlari, uloq oʻyini rivojiga hissa qoʻshib kelayotgan faxriy polvonlar Surxondaryo viloyati hokimligining sovrinlari bilan eʼzozlandilar.

Koʻpkarida uloqni xuddi doshqozon singari qaynab turgan maydondan olib chiqish haqiqiy gʻoliblikdir. Lekin bundayin talotoʻpdan uloqni ajratib olishning oʻzi boʻlmaydi. Buning uchun chavandozga yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak. Oting uchqur boʻlsa-yu, senda chapdastlik yetishmasa, gʻolib chiqishni orzu qilmasang ham boʻlaveradi...

Bugungi koʻpkarida koʻplab epchil va chapdast chavandozlar uloq ayirdi. Birinchi ot qiziriqlik Bobosh chavandozga, ikkinchi ot shoʻrchilik Odil chobogʻonga, tuya qiziriqlik Shahboz polvonga nasib etdi. Oltinsoylik Dilmurod polvon, shoʻrchilik Sherzod chobogʻon va boshqa yana koʻplab mohir chavandozlar mehnatiga yarasha pul mukofotlari va qimmatbaho sovrinlar bilan ragʻbatlantirildi.

– Mana necha yillardan buyon ot choptiraman, – deydi shoʻrchilik Odil chavandoz. – Ovul oshib, uzoq yoʻl bosib hududlarda oʻtkaziladigan koʻpkarilarga qatnashib, oʻz nasibamizga yarasha taqdirlanaman. Shu vaqt ichida koʻpkari umrimning mazmuniga aylanib ulgurdi. Otga mehrim boʻlakcha. Surxon vohasida azaldan yilqichilik yaxshi rivojlangan, xonadonlarda zotdor ot boqish koʻpchilik ot ixlosmandlari uchun oddiy holdir. Bolaligimdan uyimizda ot boʻlgan. Shu tufayli otga mehr qoʻyib, nom qoldirdik. Viloyatlarga borsak, “Odil chobogʻon” kelyapti, deb iliq kutib oladi. Men kabi chavandozga bundan ortiq ehtirom kerak emas.

Koʻpkari oddiy koʻngilochar oʻyin emas, u erni er qiladigan, unda mardlik, jasurlik, epchillik va dovyuraklikni shakllantiradigan jiddiy mashgʻulot. Asosiy masala sovringa qoʻyilgan qimmatbaho narsa emas, aksincha, bakovulning adolati, nomdor chavandozning abjirligi, haqiqat gʻalaba qozonishi, omad doim mardniki boʻlishidir. Bugun Angor tumanidagi katta uloq-koʻpkari musobaqasi ana shunday oʻtdi.

Aytish kerakki, tadbir davomida harbiy texnika va qurol-aslahalar, harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali jangovar chiqishlari, konsert dasturlari namoyish etildi, turli qiziqarli sport musobaqalari tashkil etildi. Qolaversa, qish faslidagi bahoriy ob-havo bayram shukuhiga shukuh qoʻshdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov va sektorlar rahbarlari ishtirok etdi.