Surxondaryolik shaxs internet orqali namanganlikning pullarini oʻzlashtirdi

    Namangan viloyati, Uychi tumanida yashovchi 34 yoshli A.Gʻ. IIOga murojaat qilib, oʻzining bank kartasidagi 1.075.000 soʻm pullari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyati, Angor tumanida yashovchi muqaddam Oʻz.Res JKning 168-modda 3-qismi “a,g” bandlari bilan sudlangan 24 yoshli R.D. sodir etganligi aniqlangan.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan, R.D., internet foydalanuvchilariga telegram messenjerida “Faqat arzon tovarlar” nomli akkaunt ochib, oʻzini “Kompyuter va telefonlar uchun kerakli asbob uskunalarni yetkazib beruvchi” sifatida tanishtirgan va mazkur tovarlar juda arzon ekanligini aytib ularni qiziqtirib, toʻlovlarni oldindan amalga oshirishlari kerakligini aytgan holda pullarini oʻzining bank kartasiga oʻtkazib olgandan soʻng yozishmalarni oʻchirib yuborgan va mazkur pullarni oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlandi.

    Mazkur holat yuzasidan R.D.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.