Sut tishlari qachon chiqa boshlaydi?

    Salomatlik 23 Aprel 2022 60758

    Bezovtalik, ishtaha pasayishi, injiqlik va hatto isitma… Bolalarda bunday belgilar kuzatilishi har doim ham xastalik alomati boʻlavermaydi. Jumladan, kichkintoylarda sut tishlari chiqayotgan pallalarda.

    Xoʻsh, yosh ota-onalar bu haqda nimalarni bilishlari kerak? Tish chiqayotgan davrda bolalarga qanday yordam koʻrsatish zarur?

    Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola SOLIHOVA bilan suhbatimiz shu mavzuda boʻldi.

    — Oʻgʻil-qizlarda sut tishlari chiqishi qanday belgilar bilan namoyon boʻladi?

    — Bu bolaning xatti-harakati va holatida yaqqol seziladi, — deydi shifokor. — Yaʼni ushbu davrda goʻdakda soʻlak ajralishi koʻpayadi, ishtaha pasayadi, milk shishadi. Ammo yuqori tana harorati, diareya kuzatilsa, darhol pediatrga murojaat qilish lozim.

    — Tish chiqish jarayonida ogʻriqni kamaytirish uchun qanday choralar koʻrish lozim?

    — Bu borada qator tavsiyalar ishlab chiqilgan. Biroq zamonaviy tibbiyot 2 yoshgacha boʻlgan bolalarda tish milkiga anestetik gel va shu kabi boshqa suyuqliklar surishni tavsiya etmaydi.

    Buning oʻrniga, juda oddiy va zararsiz hisoblangan, tishlash uchun moʻljallangan maxsus tibbiy vositalardan foydalanish maqsadga muvofiq. Milkni yengil uqalash ham ogʻriq kamayishiga yordam beradi. Agar shunda ham ogʻriqlar bosilmasa, shifokorga murojaat qilish lozim.

    — Sut tishlari qachondan boshlab chiqa boshlaydi?

    — Odatda, chaqaloq 5-6 oylik boʻlganida, birinchi boʻlib pastki ikki kesuvchi tishi chiqa boshlaydi. Baʼzilarda bu jarayon biroz oldinroq yoki kechroq yuz berishi ham mumkin.

    Yuqori ikki kesuvchi tish esa bola 9 oylikdan 13 oylik boʻlgunicha paydo boʻladi. 13-16 oylik goʻdaklarning aksariyatida toʻrttadan yuqori va pastki tishlar chiqib ulguradi. Qolgan sut tishlari esa bola 3 yoshga toʻlgunicha chiqadi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.