Kelgusi besh yilda sohaga 40 trillion soʻm investitsiya jalb etilib, ichimlik suvi taʼminotini 90 foiz, oqova suv tizimi qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2022-yilda ushbu maqsadlar uchun 2 trillion soʻm byudjetdan ajratilib, 245 million dollar yoʻnaltiriladi. Asosiy eʼtibor suv taʼminoti va sifati past hududlarni rivojlantirishga qaratiladi.
Surxondaryo viloyati ham ana shunday hududlar sirasiga kiradi. Bu yerda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi hali oltmish foizga ham yetmagan. Mazkur muammoni hal etishda Prezidentimizning oʻtgan yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida ilgari surilgan tashabbus muhim oʻrin tutadi. Unga koʻra, bugungi kunda hudud aholisining ichimlik suvga boʻlgan ehtiyojini “Toʻpolang” suv ombori hisobidan taʼminlash loyihasi amalga oshirilyapti.
SUV —HAM NUR, HAM DUR
Surxondaryodagi Toʻpalang suv ombori Sariosiyo togʻlaridan oqib tushgan suvlarni bir joyga toʻplash natijasida vujudga kelgan. Oʻziga xos tabiati va baland togʻlar qurshovidagi ushbu katta gidroinshoot bu yerda yashovchi aholi uchun eng zarur manba hisoblanadi. Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi ekinzorlar mazkur suv ombori orqali sugʻorilsa, uning quyi qismidagi GESlar quvvati viloyatning janubiy hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.
“Toʻpalang” GES 2006-yilda ishga tushgan. Bu yerda har biri 15 megavatt boʻlgan ikkita agregat ishlab turardi. Bundan besh yil oldin Prezidentmiz topshirigʻiga muvofiq, avvaliga Toʻpalang suv ombori toʻgʻoni 20 metrga koʻtarildi. Natijada, uning sigʻimi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi.
—Davlatimiz rahbari 2019-yil bahorida ushbu obyektdagi modernizatsiya jarayoni bilan tanishar ekan, birinchi va ikkinchi gidroagregatlarni qurish boʻyicha topshiriqlar bergan edi, — deydi “Toʻpalang” gidro elektr stansiyasi rahbari Asror Ulugʻov. — Ayni kunlarda har biri 72,5 megavattli ikkita gidroagregatni qurish ishlari nihoyasiga yetmoqda. Ular ishga tushirilgach, 175 megavatt quvvatga ega boʻladi. Shu tariqa, “Toʻpalang” GESi mamlakatimizdagi “Chorvoq” GESidan keyingi ikkinchi oʻrindagi stansiyaga aylanadi.
Bundan besh yil ilgari Toʻpalang daryosida bor-yoʻgʻi 30 MVt energiya hosil qilingan boʻlsa, tez orada bu quvvat qariyb olti barobarga oshadi. Suv omboridan pastda biri biridan uncha uzoq boʻlmagan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” gidroelektr stansiyalari ishga tushdi. Bu bilan Toʻpalang daryosida qurilgan GESlar 3 taga yetib, ularning umumiy quvvati 105,6 MVtni tashkil etmoqda. Bu yiliga oʻrtacha 300 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Lekin, bu koʻrsatkich daryoning gidroenergiya salohiyatidan toʻliq foydalanish degani emas. Undan qoʻshimcha quvvatlar olish imkoniyati oʻrganilib, quyi qismida 16 MVtli navbatdagi stansiyani qurish moʻljallanmoqda. Bundan tashqari, kelajakda Toʻpolang daryosining asosiy irmoqlari hisoblangan Kishtutda quvvati 50 MVt va Mizotda 25 MVt boʻlgan GESlar qurish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular ishga tushgandan soʻng, GESlar soni jami 6 taga yetib, umumiy quvvati 341,6 MVt ni tashkil qiladi, yillik elektr energiya ishlab chiqarish koʻrsatkichi esa 1 milliard kVt soatdan oshadi.
Surxondaryo viloyatida foydalaniladigan suv resurslarining umumiy hajmi yiliga 4270 milliard kub metrni tashkil qiladi. Bunda asosiy koʻrsatkichlar Amudaryo, Surxondaryo daryolari hamda Toʻpolang suv ombori hissasiga toʻgʻri keladi.
— Prezidentimizning topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida, eng avvalo, bosh loyihachi “Gidroproyekt” AJ tomonidan Toʻpolang suv omboridan viloyat hududlariga ichimlik suvini yetkazib berish loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqildi, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdugʻani Sanginov. — Unga muvofiq, Qumqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Jarqoʻrgʻon, Muzrabot, Angor, Termiz tumanlari hamda Termiz shahri aholisiga markazdashgan ichimlik suv yetkazib berish yaxshilanadi. Denov va Shoʻrchi tumanlarining obihayot tarmogʻi yetib bormagan yoki nihoyatda kam boʻlgan aholi maskanlariga ham tortib boriladi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, kommunal turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida kishilar salomatligini mustahkamlashdan iborat. Loyihani oʻz vaqtida va sifatli bajarishda bosh loyihachi “Gidroproyekt” AJ bilan Turkiyaning yetakchi “ART Environmental Technologies LTD”kompaniyasi hamkorlik qilmoqda. Bu kompaniya suv quvurlari, tozalash inshootlari, nasos va kanalizatsiya stansiyalarini loyihalashtirishga ixtisoslashgan boʻlib, xalqaro miqyosda ham katta nufuzga ega.
Loyiha doirasida Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Toʻpolang suv omboridagi suvning holati va tarkibini tekshirdi. Ilmiy tadqiqotlar uning ekologik toza, ichish uchun yaroqli hamda tarkibiy jihatdan inson organizmi uchun qator foydali boʻlgan mineral xossalarga egaligi aniqlandi. Bu esa suvning nafaqat qishloq xoʻjaligida, balki ichimlik sifatida ham yuqori qiymatga ega ekanligini koʻrsatadi.
Shunday kezda, xalqimizning suvni ham nur, ham dur, deb bejiz aytmasligi yodga keladi.
YAQIN ISTIQBOL IMKONIYATLARI
Ayni paytda Toʻpolang suv omboridan viloyat hududlariga ichimlik suvini yetkazib berish loyihasi boʻyicha ishlar qizgʻin davom etyapti. Uning doirasida 360 kilometrdan ortiq masofaga suv quvurlarini tortish uchun mahalliy va xorijlik mutaxassislar jalb etilgan. Birinchi bosqichda uning ulanish nuqtasi aniqlanib, asosiy suv quvurining taqsimot tugunlari bilan uygʻunlashgan rejasi ishlab chiqildi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar aholining istiqboldagi oʻsishini hisobga olgan holda amalga oshirilyapti.
—Yaqin istiqbolning 20 yillik tahliliy prognozlariga koʻra, Surxondaryo viloyatining aholisi doimiy ravishda oʻsib, ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoj ham muttasil ortib boradi, — deydi Oliy MajlisQonunchilik palatasi deputati Gʻayrat Safarov. — Bu borada viloyatning har bir tumani boʻyicha tahliliy hisob-kitoblar tayyorlangan. Misol uchun, hozirda Angor tumani aholisi 134 mingdan koʻproq boʻlsa, 2040-yilga borib qariyb 163 mingga yetishi kutilmoqda. Bu esa ana shu muddatda ichimlik suviga boʻlgan talab 960,31 kub metr sekundni tashkil etishidan dalolat beradi.
Bandixon tumanida ham talabning ana shunday oʻsishini kuzatish mumkin. Hozirda 77 mingdan koʻproq aholi yashayotgan hududda oradan yigirma yil oʻtib, ular soni 93 ming nafardan oshishi kutilmoqda. Natijada ichimlik suvi isteʼmoli 501,45 kub metr sekundni taqozo etadi.
Umumlashtiradigan boʻlsak, loyihadan oʻrin olgan tuman va shaharlar aholisi 2040-yilga kelib, 2 415 804 nafarni tashkil qiladi. Ichimlik suvi isteʼmoli hajmi esa oʻrtacha 14 08016 kub metr sekundga ortadi.
Bu esa, amalga oshirayotgan loyihaning Surxondaryo viloyati aholisini ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashda naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi. Uning yakunida 11 mingdan ortiq xonadonda yashovchi 44 ming nafardan ziyod insonlarni ilk marta ichimlik suv bilan taʼminlash imkoniyati yuzaga keladi. 18 ming 805 xonadonda yashayotgan 75 mingdan ziyod kishining bu boradagi taʼminoti tubdan yaxshilanadi. Natijada viloyat aholisini markazlashgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 70 foizdan oshadi. Qolaversa, 945 ta xonadon yoki 4 mingga yaqin aholining oqova suv quvuri tizimiga ulanishiga imkon yaratiladi.
Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi 2024-yilda nihoyasiga yetkazilishi moʻljallangan.
Uning umumiy qiymati 138 million dollar boʻlib, 1,5 million aholining ichimlik suvga doir muammolarini toʻliq hal etishi hisob-kitob qilingan.
MURAKKAB JARAYONLARNING TEXNLOGIK YECHIMLARI
Loyihani amalga oshirish juda murakkab texnologik yechimlarni taqozo etadi. Buning uchun, eng avvalo, “Toʻpolang” suv omborining quyi qismida shiddat bilan oqib tushayotgan suv bosimini soʻndirish, uni tozalash va tarqatish inshootlarida qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Mazkur qurilish ishlari yakunlangach, obihayot asosiy inshootga qoʻyiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi. Yaʼni, suv omboridan tumanlardagi suv taqsimlash tarmoqlarigacha jami 361 kilometr uzunlikdagi quvurlar tortiladi.
— Bu ishlarni amalga oshirishda Rossiyaning “Zagorskiy trubnыy zavod”i va “Toshkent quvur zavodi” qoʻshma korxonasi MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlardan foydalanilmoqda, — deydi loyihani amalga oshirish guruhi rahbari Suxrob Yoʻldoshev. —Hozirda Sariosiyo – Termiz ichimlik suvi tarmogʻi boʻyicha 28 kilometriga D-1420 millimetrli hamda Sariosiyo tumani ichki tarmogʻiga 9,5 kilometrli D-426, D-325 va D-219 millimetrli metall quvurlar yotqizib boʻlindi.
Sangardak daryosidan oʻtuvchi qismida uzunligi 161 metr boʻlgan dyuker, yaʼni quvur shaklidagi bosimli suv oʻtkazgichni qurish ishlari tugatildi. Jami quriladigan 22 ta suv tozalash inshootining 15 tasida bir vaqning oʻzida qurilish-montaj, 4 tasida ishchi loyihalarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Qolganlarini yuarpo etilishiga doir rejalar tahlildan oʻtkazilmoqda. Suv saqlash va tarqatish inshootlari boʻyicha Sariosiyo tumanida 3 ta va Denovdagi yirik hajmli rezervuarni qurish davom etyapti.
Umuman olganda, loyiha doirasidagi obyektlarda jami bajarilishi zarur boʻlgan 8 353 ming kub metr yer ishlarining qariyb 90 foizi, 10,76 ming kub metrlik monolit beton yumushlarining 80 foizi amalga oshirildi. Qurilish-montaj ishlariga bugungi kunda 300 dan ortiq mashina-mexanizmlar hamda 600 nafardan ziyod injener-texnik va ishchi-xodimlar jalb qilingan.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, loyiha asosida joriy yilda Sariosiyo va Denov, Oltiisoy tumanlari ichimlik suvi bilan taʼminlansa, keyingi yilda, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon va Jarqoʻrgʻon tumanlariga yetkazib beriladi.
— Elimizning suv keltirishning azizligi haqidagi hikmatlari koʻp, — deydi Sariosiyo tumandagi “Sebzor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Avazmurod Avazov. — Ana shulardan birida bugungi kunda hududimizda boʻlayotgan ishlarga monand: suv bersangiz elga, yasharsiz ming yilga, deyiladi Ana shunday ezgu tashabbusni ilgari surgan Prezidentimiz elimizning asrlar boʻyi orzu qilib kelgan niyatlarini roʻyobga chiqarib, ming-minglab yurtdoshlarimizni toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini taʼminlab beryapti. Bu loyiha nainki bugungi avlod, balki kelajak vorislarining ham yaxshi yashashlari koʻzlanganligi bilan qadri-qimmati yanada katta. Shu bois mahallalarda qay bir tadbir yoki oilaviy gurung borki, ularda oʻzlarining minnatdorliklarini duoi tilaklari orqali bildirmoqda Eng asosiysi, hikmatda aytilganidek, savobi ming yilliklarga yetadigan ishlar amalga oshmoqda.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi