Suv tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar kamaymoqda, debitor qarzdorlik 22 foizga tushdi

    Joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida nazorat organlari bilan hamkorlikda 4 351 ta noqonuniy ulanish holati aniqlandi.

    Bu haqda “Oʻzsuvtaʼminot” matbuot xizmati xabar berdi.

    Eng yuqori koʻrsatkichlar quyida qayd etilgan:

    • Toshkent shahri – 488 ta
    • Sirdaryo viloyati – 433 ta
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 425 ta
    • Xorazm viloyati – 419 ta

    Ushbu qonunbuzarliklar natijasida jamiyat manfaatlariga 82 mlrd soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan boʻlib, shundan 33,6 mlrd soʻm qoplanishi taʼminlandi.

    Qarzdorliklarni kamaytirish maqsadida, joriy yilda 123,4 ming nafar qarzdor isteʼmolchilar boʻyicha fuqarolik va iqtisodiy sudlarga 358,4 mlrd soʻmlik daʼvo arizalari yuborilgan. Shuningdek, hisobot davrida respublika boʻyicha 62,4 ming isteʼmolchi qarzdorlik sabab suv taʼminoti tarmogʻidan uzilgan. Bu holatlarning 46 mingtasi Toshkent shahriga toʻgʻri keladi.

    Koʻrilgan choralar natijasida isteʼmolchilarning umumiy debitor qarzdorligi yil boshiga nisbatan 203 mlrd soʻmga (22 foiz) kamayib, 705,5 mlrd soʻmni tashkil etgan. Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa qarzdorlik 364 mlrd soʻmga (34 foiz) qisqargan.