“Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi 10 ta korxonada, yaʼni 4 tasida yangi qurilish va 6 tasida qayta qurilish ishlari olib borilyapti.
Bu borada “Oʻzbekneftgaz” AJda oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish, qayta qurish va yangi zamonaviy inshootlarni barpo etish borasida qator ishlar amalga oshirilyapti.
Natijada Shoʻrtan gaz kimyo majmuasining tashqi oqova suvlarni tozalash inshooti modernizatsiya qilindi va samaradorligi kuniga 360 metr kubdan 1 000 metr kubgacha oshirildi.
Amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 12,1 milliard soʻmni tashkil etib, loyihalash ishlari “UNITED PROJECT” MCHJ bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Mazkur loyiha doirasida oqova suvlarni tozalash inshootining metallokonstruksiya ishlari toʻliq modernizatsiya qilindi va oʻrniga quvvati kuniga 1 000 kub metr boʻlgan yangi temir betonli hovuzlar toʻplami barpo etildi.
Shuningdek, modernizatsiya ishlari mobaynida “Uzbekneftegaz GTL” zavodining ishchilar shaharchasida hosil boʻladigan maishiy oqova suvlarni qabul qilish uchun nasos xoʻjaligi barpo etilib, maishiy oqova suvlarni tozalashga moʻljallangan qum ushlagich, oqova suvlarni biologik tozalashga moʻljallangan aerator qurilmasi, oqova suvlarni haydashga moʻljallangan nasoslar, tozalangan maishiy oqova suvlarni ultrabinafsha nurlari bilan zararsizlantirishga moʻljallangan UFO qurilmasi hamda texnik havo bilan taʼminlashga moʻljallangan kompressorlar oʻrnatildi.
Taʼkidlab oʻtish joizki, mazkur inshoot Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi hamda “Uzbekneftegaz GTL” zavodlarining ishchilar shaharchasida hosil boʻladigan maishiy oqova suvlarni tozalash uchun xizmat qiladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” matbuot xizmati “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ maʼlumotiga tayanib.