Suv xoʻjaligida axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobidan 289 mln kub suv tejab qolindi

    Bu yilgi vegetatsiya davrida (1-apreldan 30-sentyabrgacha) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha sugʻorish ishlariga jami 28,1 mlrd. metr kub suv yetkazib berildi.

    Soʻnggi yillarda iqlim oʻzgarishi, asriy muzliklarning kamayishi, sanoatning jadal surʼatlarda oʻsishi, aholi sonining koʻpayishi va oziq-ovqatga boʻlgan talab kuchayishi natijasida butun sayyoramizda chuchuk suv resurslariga ehtiyoj ortib bormoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasida foydalanilayotgan jami suv resurslarining 20 foizi mamlakat ichkarisida, 80 foizi esa qoʻshni Tojikiston va Qirgʻiziston hududida shakllanadi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, soʻnggi 40 yilda Tojikistonda mavjud boʻlgan 8 mingdan ortiq muzliklar maydonining 30 foizi, Qirgʻizistondagi 10 mingga yaqin muzliklar maydonining 16 foizi erib ketgan. Asriy muzliklarning qisqarish tendensiyasi davom etayapti.

    Shu bilan birga, oxirgi 20-30 yilda mintaqada yogʻingarchilik miqdori ham sezilarli darajada kamaydi. Bu esa suv resurslari hajmiga oʻz taʼsirini koʻrsatayapti.

    Yogʻingarchilik nisbatan kam boʻlgan 2021-yilda mamlakatimizda suv tanqisligining oldini olish, iqtisodiyot tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi va aholi tomorqalariga suvni yetkazib berish uchun Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan barcha zaruriy chora-tadbirlar koʻrildi.

    Bu yilgi vegetatsiya davrida (1-apreldan 30-sentyabrgacha) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha sugʻorish ishlariga jami 28,1 mlrd.m3 suv yetkazib berildi.

    Mavsum davomida 4,3 mln. gektar maydondagi qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish chogʻida 6,0 mlrd. m³ suv tejalishiga erishildi. Jumladan, suv xoʻjaligi obyektlarida suvni boshqarish, sugʻorish muddatlarini muvofiqlashtirish, navbatlab sugʻorish va agrotexnik tadbirlar hisobidan 2,1 mlrd.m3, irrigatsiya tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash va rekonstruksiya tadbirlari hisobidan 1,2 mlrd.m3, tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret usulida va egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorish hamda suv tejovchi texnologiyalarning boshqa turlarini qoʻllash, yerlarni lazerli tekislash hisobidan, boshqa suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish hisobidan 2,4 mlrd.m3, suv xoʻjaligida axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobidan 289 mln.m3 suv tejab qolindi.