Anemiya — kamqonlik. Qonda eritrositlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi, sifatining oʻzgarishi bilan kechadigan kasallik.

Anemiyaga qon yaratilish jarayonining buzilishi, toʻsatdan yoki surunkali qon yoʻqotish, qizil qon tanachalari (eritrositlar)ning koʻp parchalanishi, asosiy qon yaratuvchi toʻqima – suyak koʻmikning oʻz faoliyatini yetarli bajara olmay qolishi sabab boʻlishi mumkin.

Temir va V12 vitamini yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan anemiya birmuncha keng tarqalgan.

Uning quyidagicha belgilari mavjud:

— Bosh aylanib, nafas qisilishi. Agar gemoglobin kam boʻlsa, hujayralar etarlicha kislorod olmaydi, nafas olish tizimi va bosh miyada qon taʻminoti buzilib, mazkur holat kuzatiladi. Aytish joiz, temir va V12 vitamini gemoglobin oqsilini ishlab chiqarish uchun zarur.

— Doimiy charchoq. Agar odatdagi mashgʻulotlardagi charchoqni avvalgidek osonlik bilan yengish qiyinlashgan boʻlsa, gemoglobin va V12 vitamini miqdorini tekshirish kerak.

— Teri rangi xiralashishi. Qizil qon hujayralarining yetishmasligi oqibatida teri hujayralari yetarli miqdorda kislorod bilan toʻyinmaydi va rangpar, sargʻish tusga kiradi.

— Ovqatlanish odatlarining oʻzgarishi. Muz, soda, loy, qalam va boʻyoq — bu narsalarning barchasi kamqonlik bilan kasallanganlar uchun juda yoqimli yegulik boʻlib tuyilishi mumkin. Shifokorlar bu gʻalati odatning paydo boʻlish mexanizmini haligacha tushuntirib bera olmaydi, ammo ular buni anemiya bilan bogʻlashadi.

— Qoʻl va oyoqlar sovishi.

— Bosh ogʻrigʻi. Sababsiz tez-tez bosh ogʻrigʻi kuzatilsa va uzoq davom etsa, shifokor bilan maslahatlashib, gemoglobin uchun tekshiruvdan oʻtish kerak.

Boshqa koʻplab kasalliklar singari, anemiyani davolashdan koʻra oldini olish osonroq. Temir tanqisligi kamqonlikning asosiy sababi ekanligini hisobga olsak, toʻgʻri ovqatlanishning ahamiyati juda katta.

Temirga boy ovqatlar:

—jigar;

— qizil goʻsht;

— dengiz mahsulotlari;

— quritilgan mevalar;

— yongʻoqlar;

— brokkoli va ismaloq;

— butun don mahsulotlari.

Maʻlumot oʻrnida: Har bir katta yoshli odamning tanasida taxminan 5 litr qon mavjud. Agar siz oʻz tanangizda qancha qon borligini bilmoqchi boʻlsangiz, unda eslab qoling — bu tana vaznining 7 foizini tashkil qiladi. Qon oʻzining asosi boʻyicha tarkibida tuzlar boʻlgan suvdir, ammo uning eng muhim tarkibiy qismi qon ichida aylanib yuradigan hujayralar hisoblanadi.

Internet manbalari asosida tayyorlandi