Tabiiy gaz “oʻgʻri”lari fosh etilmoqda

    “Oʻgʻri”lar oʻzboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, katta miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departament va “Qibraytumangaz” filiali xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda tumandagi “F.F.” MCHJ rahbari Z.Gʻ. va boshqalar MCHJning qum quritish sexida gaz tarmogʻidan tamgʻalash yoʻli bilan uzilgan boʻlsada, oʻzboshimchalik bilan tijorat maqsadida tarmoqqa qayta ulanib, yuqori quvvatdagi sertifikatlanmagan gaz yondirgichdan foydalangan holda 553,4 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.

    Shuningdek, Departamentning Quyichirchiq tuman boʻlimi tomonidan “Quyichirchiqtumangaz” GTF xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruvda “Sirgʻali” MFYda yashovchi A.O. oʻz uyining 24 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etib, ushbu issiqxonani hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga oʻgʻrilik yoʻli bilan ulab, jami 149,8 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.