Tabiiy gazdan 110,5 mln. soʻmlik noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

    Fargʻona viloyatida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Dangʻara tuman boʻlimi tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash boʻyicha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar N.J. va А.K. umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil etib, 5 dona gaz plita va boshqa uskunalarni gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulab, 110,5 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.