Loyiha bilan tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti tizimini xususiy operatorlarga oʻtkazish toʻgʻrisida nizom tasdiqlanadi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti tizimi xususiy operatorlarga topshiriladigan tumanlar roʻyxati belgilanadi.
Gaz taʼminoti obyektlaridan foydalanish va gaz sotish funksiyalarini ishonchli boshqaruvi boʻyicha islohotlarni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi komissiya tarkibi tasdiqlanadi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti tizimida xususiy operatorga topshiriladigan quyidagi tumanlar taʼminoti boʻlimlari pilot loyihasi sifatida tanlab olingan:
- tabiiy gaz yoʻnalishida - Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Xoʻjaylitumangaz”, Andijon viloyatidagi “Oltinkoʻltumangaz”, Buxoro viloyatidagi “Buxorotumangaz”, Jizzax viloyatidagi “Gʻallaoroltumangaz”, Qashqadaryo viloyatidagi “Qarshitumangaz”, Navoiy viloyatidagi “Qiziltepatumangaz”, Namangan viloyatidagi “Yangiqoʻrgʻontumangaz”, Samarqand viloyatidagi “Samarqandtumangaz”, Surxondaryo viloyatidagi “Denovtumangaz”, Sirdaryo viloyatidagi “Xovostumangaz”, Toshkent viloyatidagi “Yangiyultumangaz”, Fargʻona viloyatidagi “Uchkoʻpriktumangaz”, Xorazm viloyatidagi “Urganchtumangaz”, Toshkent shahridagi “Bektemirtumangaz” gaz taʼminoti boʻlimlari;
- suyultirilgan gaz yoʻnalishida - Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Toʻrtkoʻltumangaz”, Andijon viloyatidagi “Andijontumangaz”, Fargʻona viloyatidagi “Beshariqtumangaz”, Samarqand viloyatidagi “Urguttumangaz” va Qashqadaryo viloyatidagi “Chiroqchitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimlari.
Shuningdek:
- gaz taqsimlash tarmoqlaridan foydalanish va tabiiy gaz sotish funksiyalarini xususiy operatorlar ishonchli boshqaruviga topshiriladigan tumanlar boʻyicha salohiyatli kompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazib, natijasi boʻyicha aniq shartlar asosida gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga oʻtkazish choralarini koʻrilishi;
- gaz taʼminoti tashkilotlari balansidagi qonunchilikka muvofiq xususiy operatorlar ishonchli boshqaruviga topshiriladigan obyektlarni aniqlash;
- pilot loyihasi amalga oshirilayotgan tumanlardan tashqari xususiy operatorlarga yuklatiladigan vazifalarni bajarish uchun talabgorlar paydo boʻlganda, oʻrnatilgan tartibga muvofiq ishlarni tashkil etish belgilab qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari:
- xususiy operator tanlovi uchun oʻtkaziladigan xizmat koʻrsatishning boshlangʻich narxi belgilanadi;
- xususiy operatorlar ishonchli boshqaruvi hududlaridagi gaz isteʼmolchilaridan tushadigan pul mablagʻlarini taqsimlash mexanizmi tasdiqlanadi;
- 2024-yil 1-noyabrga qadar respublikada suyultirilgan gazga boʻlgan ehtiyojning ortib borayotganini inobatga olib, isteʼmolchilarni maqbul narxlarda suyultirilgan gaz bilan taʼminlash maqsadida 2025-yil 1-yanvardan respublikaga suyultirilgan gazni import orqali olib kirish hamda isteʼmolchilarga bozor narxlarida realizatsiya qilish imkonini yaratishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi prezident administratsiyasiga kiritiladi.