Kuni kecha Choʻlpon-Ota shahrida (Qirgʻiziston Respublikasi) Tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlar boʻyicha davlatlararo kengashning XXXIII yigʻilishi boʻlib oʻtdi, unda MDH davlatlari favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari, shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etdilar. Ushbu forumda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi delegatsiyasiga vazir oʻrinbosari Komil Abdijalilov rahbarlik qildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishdagi muammolarni hal qilish yoʻllarini muhokama qildilar. Mutaxassislar tabiiy va texnogen ofatlarning oldini olish choralari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi toʻgʻrisida kelishib oldilar. Bundan tashqari, muloqot davomida sohaga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish va MDH davlatlari favqulodda vaziyatlar idoralari mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashish masalalari ham muhokama etildi. Shu munosabat bilan oʻzbek tomoni aniq takliflarni bildirdi, deb xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.