Korxonada umumiy qiymati 22 milliard soʻmga teng yogʻoch chiqindilari va yogʻochbop oʻsimliklardan “MDF” va “DSP” plitalar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Hozirda liniya va texnologiyalarni oʻrnatish, sinov va xom ashyo bazasini shakllantirish ishlari borayotgan boʻlsa, shu yil ikkinchi choragidan bevosita ishlab chiqarish jarayoniga kirishiladi. Muhimi, loyihaga muvofiq bu yerda 50 nafardan ortiq fuqaroning bandligi taʼminlanadi va yiliga 35 milliard soʻmlik qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Korxonaning yana bir tashabbusi, ishlab chiqarishda zarur xomashyoga boʻlgan ehtiyojni qoplash maqsadida tashabbuskor tomonidan foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini suv tejovchi texnologiyalari asosida oʻzlashtirish orqali tez oʻsuvchan pavlovniya plantatsiyasini tashkil etish loyihasi koʻzda tutilgan. Tuman hokimligi tomonidan mazkur loyiha uchun “Baraka” MFY da 200 gektar foydalanishdan chiqqan yer maydoni ajratib berilgan. Tashabbuskor tomoni bu yerni oʻzlashtirish maqsadida 5 ta artezian suv qudugʻini qazish orqali tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyishga kirishgan. Bu ish tufayli yana qoʻshimcha 50 nafarga yaqin ish oʻrni yaratiladi.

Maʼlumot uchun, mutaxassislar eʼtiroficha, pavlovniya dunyodagi eng tez oʻsadigan daraxt turlaridan boʻlib, yiliga 5 metrgacha boʻy choʻzadi. Xitoy, Yaponiya kabi davlatlarda juda koʻp yetishtiriladi. Unga ayrimlar “moʻjiza daraxt” deb ham taʼrif berishadi, chunki foydali jihati koʻp. Pishiq yogʻochidan mebeldan tortib, musiqa asbobigacha tayyorlash mumkin, suv oʻtkazmaydi va tanasiga qurt tushmaydi.

Gullaganida asalari uchun nektar vazifasini oʻtaydi. Bargi yirik va ozuqabop boʻlib, chorva mollariga yuqori kaloriyali yemish oʻrnida ham qoʻllaniladi. Yuqori haroratga chidamli. Yoqilgʻi sifatida ishlatilganida, boshqa yogʻochlardan farqli tarzda 100 foiz yonuvchanlik xususiyatiga ega. Hatto, qaragʻayga qaraganda ham koʻp daromad keltiradi. Faqat parvarish qilish agrotexnikasini oʻzlashtirish kerak. Respublika Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatimizda tez oʻsuvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini keng hududda barpo qilish chora–tadbirlari ishlab chiqilgan. 

Gʻijduvon tumani hokimligi matbuot xizmati