Davlatimiz rahbari tomonidan har bir tuman va shahar kesimida ayollar biznes loyihalari roʻyxatini shakllantirib, oyma-oy moliyalashtirish, xotin-qizlar tadbirkorligi dasturi doirasida soddalashtirilgan kreditlar va grantlar ajratish boʻyicha bir qator topshiriqlar berildi.
Ayollar ishbilarmonligini rivojlantirishga qaratilayotgan bunday eʼtibor va imtiyozlar Boʻstonliq tumanidagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Nigora Tursunova kabi aniq maqsadi tomon dadil intilayotgan, tadbirkorlikning barcha yoʻnalishlarida oʻzini sinab koʻrishdan aslo choʻchimaydigan faol ayollarga yana-da kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.
— Prezidentimizning doimo ayollarni qoʻllab-quvvatlash, har tomonlama koʻmak berishga qaratilgan tashabbuslari bugun minglab xotin-qizlarning qalbida ishonch, shijoat hamda minnatdorlik tuygʻularini uygʻotmoqda, — dedi Boʻstonliq tumanidagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Nigora Tursunova. — Yigʻilishda mutasaddi tashkilotlarga 33 ming 380 nafar ayolni hayotga qiziqishini oshirish va kasbga oʻrgatish boʻyicha qisqa oʻquv kurslarini tashkil etish, ularda mikroqarz olish niyatidagi yoshlar va ayollarni bepul oʻqitish vazifasi topshirildi. Bu taʼlimning keyingi bosqichlarini davom ettirish yoki pullik kurslarda tahsil olishga sharoiti boʻlmagan xotin-qizlar uchun katta imkoniyat. Bepul oʻquv kurslari ularning hunar oʻrganishi, xususiy tadbirkorlik ishini boshlab, oʻzi va atrofdagilarni ish bilan taʼminlashida koʻmak boʻladi. Shuningdek, yigʻilishda nodavlat tashkilotlar oʻrtasida tanlov oʻtkazib, eng yaxshi oʻquv markaziga grant ajratilishining belgilanishi mazkur yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan markazlar oʻrtasida raqobat muhitini shakllantirib, oʻquv tizimiga yana-da ilgʻor usullar, texnologiyalarni joriy etishiga turtki beradi.
Ayni kez tumandagi tadbirkorlik markazi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻygan Nigora Tursunova hududdagi koʻplab uy bekalarini ishbilarmonlikka jalb etib, oʻz ishlarini boshlashlarida yaqindan koʻmak berib kelmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida bugun respublikaning barcha hududlarida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilgan. Toshkent viloyatining 14 ta tuman va shaharlarida ham ana shunday markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Boʻstonliq tumanidagi markaz 2019-yil oktabr oyidan ish boshladi.
Markazda Nigora opa boshchiligida asalarichilik, uy mehmonxonasi, tikuvchilik, fermerlik, parrandachilik, tomorqachilik va boshqa koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha ayollar oʻqitilmoqda. 48 soatga moʻljallangan bir haftalik kurslarning har birida 20 nafardan tinglovchi ishtirok etadi. Seminarlarga malakali mutaxassislar, tadbirkorlik sohasida katta muvaffaqiyatga erishgan rahbar ayollar jalb etiladi.
— Tadbirkorlik markazining asosiy faoliyati uyda oʻtiradigan ishsiz ayollarni oʻqitish jarayonida ularni kichik va oʻrta biznesni tashkil etishda yaratilayotgan imkoniyatlar, bu boradagi yangi huquqiy hujjatlar, kredit olishdagi imtiyozlar bilan tanishtirish orqali oʻz gʻoyalarini amaliyotga tatbiq etishlarida koʻmaklashishdan iborat, — deydi Nigora Tursunova. — Bizda faol ayollar juda koʻp. Ular oʻz imkoniyatlarini bir vaqtning oʻzida turli tarmoqlarga yoʻnaltira olishga qodir. Biror ishni boshlasa, albatta, uddalab ketadi. Koʻpchiligida yaxshi gʻoyalar bor. Shunchaki, ularni amalga oshirishlari uchun ozgina qoʻllab-quvvatlash, yoʻl-yoʻrigʻini koʻrsatish kerak. Markazimizga ana shunday tadbirkorlikka ishtiyoqi bor ayollar jalb qilinadi. Bugunga qadar 150 ga yaqin xotin-qizlar oʻqitilgan boʻlsa, ulardan koʻpchiligi oʻz xususiy biznesini yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻldi. Markaz koʻmagida tumanimizda tadbirkor ayollar soni ortib borayotgani bizni quvontiradi.
Haqiqatan, tumanda tadbirkorlikka qiziquvchi xotin-qizlar koʻpchilikni tashkil etadi. Nigora opaga havas qilgan shogirdlarining ayrimlari imtiyozli kredit asosida asalarichilik, uy mehmonxonasi va boshqa yoʻnalishlarda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, bir qancha yoshlarni ish bilan taʼminlayapti. Yana boshqa ayollar esa markazda hunar oʻrganib, uyida kasanachilik, tikuvchilik, pillachilik bilan shugʻullanib, oilaviy daromadining ortishiga hissa qoʻshmoqda.
Nigora opa markaz tinglovchilarini oʻqitib, ularga kredit olishda koʻmaklashish bilan kifoyalanmaydi. Oʻquvchilarining keyingi faoliyati bilan ham qiziqadi. Ular boshlagan ishlar bilan yaqindan tanishib, yosh tadbirkorlardan zarur maslahatlarini ayamaydi. Shundan boʻlsa kerak, tuman ahli Nigora Tursunovani juda masʼuliyatli, mehnatsevar, jonkuyar ayol sifatida hurmat qiladi, tashabbuslariga doim xayrixoh boʻladi.
Qiyinchiliklarga yengilmagan fermer ayol
Nigora Tursunova tadbirkorlikni yaxshi tushunishi, ayollarga bu borada yaqindan yordam berib kelayotgani bejiz emas. Uning oʻzi ham uzoq yillardan buyon ana shu soha “qozonida qaynab”, ishbilarmonlikning mashaqqatiyu quvonchli onlarini boshidan oʻtkazmoqda.
Oddiy ishchi oilasida tugʻilib, voyaga yetgan Nigora opaning bolaligi mehnatda oʻtdi. Umumtaʼlim maktabini tugatib, Toshkent shahar pedagogika bilim yurtini tamomlagach, 14 yil davomida maktabgacha taʼlim muassasasida ishladi.
Ammo doim xayollarini yangicha gʻoyalar band qilgan, tadbirkorlikni boshlashga boʻlgan ishtiyoq sira tinchlik bermadi. 2000-yilda “Xolis savdo” firmasiga asos soldi. Mamlakatimizda birinchilardan boʻlib yarim tayyor yeguliklar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Faoliyatini kengaytirib, bir vaqtning oʻzida ham savdo-sotiq, ham ishlab chiqarishni olib bordi.
Keyinroq Nigora opa tadbirkorlik faoliyatini fermerlik yoʻnalishida davom ettirishga qaror qildi. Bolaligidan fermer otasining yonida yurib, yerga mehri qoʻygani uchunmi, oiladagi qarshiliklarga qaramay, 2013-yilda auksionda qatnashdi va yer xarid qildi. Kelasi yili esa “Oltin bogʻ baraka” fermer xoʻjaligini tashkil etdi. Hosildan chiqib qolgan yerlarni yaroqli holga keltirish oson boʻlmadi. Katta mashaqqat evaziga 14 gektar maydon meva va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligiga aylantirildi. Hozir xoʻjalikda 6 nafar doimiy, 10-15 nafar mavsumiy ishchi mehnat bilan band.
— Ish boshlagan vaqtlarimda ilk 4-5 yil men uchun qiyinchilik davri boʻldi, — dedi Nigora Tursunova suhbat davomida. — Hosildorlik kam boʻlgani bois, daromad ham shunga yarasha edi. Gilos, uzum bogʻlarini tashkil etganimizdan soʻng daromadga kira boshladik. Ammo bu hududlarga suv yetib kelishi katta muammo. Yaqin vaqtgacha sabzavot maydonlarimizda ekilgan ekinlar pishiqchilikka yetmay qurib qolardi. Har yili sabzavot ekinlari nobud boʻlib, rejadagi hosilni ololmasdik. Asosiy daromadim suvsizlikka chidamli boʻlgan gilos va uzum bogʻlaridan boʻlgan. Ammo Prezidentimiz qarori bilan bugun eng chekka hududlarga ham suv yetib borishini taʼminlash orqali fermer va dehqonlarga katta yordam koʻrsatilyapti. Suvning kerakli miqdorda yetib kelishi tufayli bu yil sabzavot maydonlarida hosildorlik yaxshi. Tuman hokimligi ruxsati asosida tepalikdagi suv quvuridan suv olib kelish ham rejalashtirilgan. Bu rejani amalga oshirsak, intensiv bogʻlarimiz sonini koʻpaytirishimiz, zamonaviy tomorqalar tashkil etishimiz mumkin boʻladi.
Bu yil Nigora opaning gilos bogʻi yonidan oʻtqazilgan intensiv olma daraxtlari nishona hosil berdi. Tez orada mahsulotini xorijga sotishni maqsad qilmoqda. Agronomlar bilan maslahatlashgan holda, intensiv gilos bogʻini ham tashkil etish niyatida. Uning aytishicha, daraxtlar zamonaviy intensiv usulda parvarishlanganda kerakli ozuqa daraxt ildizigacha yetib borishi hisobiga hosildorlik yuqori boʻlib, ortiqcha suv sarfining oldi olinadi.
Ishbilarmon ayol fermer xoʻjaligini yana-da rivojlantirish boʻyicha xorijlik investorlar bilan ham kelishuvga erishgan. Unga koʻra italiyalik hamkorlar bilan zamonaviy texnologiyalar asosida yangi bogʻlar va qayta ishlash korxonalari barpo etish, meva-sabzavotlarini eksport qilish rejalashtirilgan.
Nigora opa bu yil pillachilikda ham oʻzini sinab koʻrishga qaror qildi. Fermer xoʻjaligiga 10 quti pilla urugʻini olib kelib, ipak parvarishlashga kirishdi. Momolarimizdan qolgan bu mashgʻulot koʻpchilik qatori Nigora opaga ham oʻzgacha zavq bagʻishlayapti. “Pillaning oʻziga yarasha moʻjizalari koʻp ekan, qurtlarning rivojlanishini koʻrib, odamning bahri dili ochiladi”, — deydi.
Tadbirkorlikning turli yoʻnalishlarida samarali mehnat qilayotgan Nigora Tursunova 2016-yilda “Ishbilarmon ayol” koʻrik tanlovining respublika bosqichi sovrindori boʻlgan. Uning ishbilarmonlik qobiliyati farzandlariga ham oʻtgan. Ayni kezda Nigora opaning 4 nafar farzandi oʻz yoʻlini topib, halol mehnat qilmoqda. 3 nafar oʻgʻli tadbirkorliknnig boshini tutib, yogʻochdan mebel buyumlari yasaydi. Hatto, uch nafar tengdoshlarini ish bilan taʼminlagan bu yigitlar kelgusida faoliyatlarini yana-da kengaytirib,eksportni ham boshlash niyatida.
Tinib-tinchimas Nigora Tursunovaning kelgusi rejalari bisyor. U shu kunlarda tadbirkorlikning boshqa yoʻnalishlarida oʻzini sinab koʻrishga yeng shimargan. Boʻstonliq tumani turizm zonasi hisoblangani bois, Nigora opa ham hududga sayyohlarni keng jalb etishga oʻz hissasini qoʻshish istagida fermer xoʻjaligi qoshida mehmonxona qurish loyihasi ustida ish olib boryapti. Ushbu yirik loyihani amalga oshirish orqali yana kamida 30 ta ish oʻrni yaratishni maqsad qilgan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri