– Men bugun ushbu zalda va joylardagi studiyalarda qatnashayotgan yuzlab tadbirkor yoshlar va opa-singillarimizni koʻrib turganimdan benihoyat xursandman.
Biz keyingi 2 yilning oʻzida, faqatgina xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga 500 million dollar mablagʻ yoʻnaltirdik. Ularni oʻz biznesini boshlashi, jumladan kasb va tadbirkorlikni puxta oʻrganishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Soʻnggi 5 yilda yosh tadbirkorlar 5 barobar koʻpayib, ularning soni 500 mingdan oshdi.
Tadbirkor ayollar va yoshlar safini yana-da kengaytirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari shijoatli va fidoyi tadbirkorlarning ayrimlarini tilga olib, xalqimizga madadkor boʻlayotgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi.
- Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkor-larimizni, oʻz ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz.
Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham, xalqimizga madadkor boʻlib, oʻz biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish oʻrinlarini yaratib, muhtojlarga koʻmak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor doʻstlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman.
Ana shunday faol va fidoyi tadbirkorlarning 100 nafariga chuqur minnatdorchilik ramzi sifatida, birinchi marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining minnatdorchilik xatini imzoladim.
Fursatdan foydalanib, ana shunday eʼtirofga sazovor boʻlgan fidoyi, vatanparvar, saxovatpesha va gʻayratli tadbirkor va ishbilarmonlarga, takroran chuqur tashakkur bildiraman va chizlarning safingiz, butun mamlakatimiz boʻylab, kun sayin oshib borishiga astoydil ishonaman, - dedi Prezident.