Maʼlum boʻlishicha, Qashqadaryo viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi “Oʻ.” AJdan 10,8 mlrd soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlovlarini undirishni soʻrab, Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritgan.
Sud muhokamasida nazorat qiluvchi organ tekshirish predmetidan tashqariga chiqqani, tekshirish dalolatnomasi esa jamiyat rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsga taqdim etilmagani aniqlangan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyekti faoliyati natijasida atmosferaga metan gazi sizib chiqqani ham dalillar bilan tasdiqlanmagan.
Biznes-ombudsman vakili taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, sud nazorat qiluvchi organ tomonidan tekshiruv oʻtkazish tartibiga oid belgilangan talablar buzilganini inobatga olgan.
Natijada sud tekshirish dalolatnomasi va undagi hisob-kitoblarni qonunni buzgan holda olingan dalillar sifatida baholab, tadbirkordan 10,8 mlrd soʻm kompensatsiya undirish haqidagi daʼvo talabini rad etgan.