Tadbirkorga ko'mak — ko'proq aholi bandligini ta'minlash demak

    Jamoat ishlari jamg'armasi tadbirkorga umumiy qiymati 251,7 million so'mlik 57 dona tikuv mashinasini 3 kun muddatda ijara asosida yetkazib berdi.

    Mahallada bir nafar bo'lsa ham tadbirkorning bo'lgani yaxshi. Ishbilarmon kishi biror tarmoqda ishlab chiqarish yoki xizmat ko'rsatishni yo'lga qo'yish orqali o'z hududidagi boshqa insonlar bandligini ta'minlashga ham hissa qo'shadi. Qolaversa, hozir yurtimizda tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar sabab bu faoliyat turining milliy iqtisodiyotimiz rivoji, ichki va tashqi savdo hajmlarining oshishi, aholini ish bilan ta'minlashdagi o'rni ortib bormoqda.

    Ayniqsa, mahalliy tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xorij davlatlariga eksport qilinib, milliy brendlarimiz dunyo bozorlaridan joy egallayapti. Mutasaddi tashkilotlar, davlat idoralari esa yurtdoshlarimizni tadbirkorlikka rag'batlantirish, har bir ishbilarmonni qo'llab-quvvatlash, zarur ko'makni berishga bel bog'lagan.

    Birgina Jamoat ishlari jamg'armasi faoliyati misolida oladigan bo'lsak, u nafaqat odamlarning vaqtincha bandligini ta'minlash, balki ishsiz insonlarning o'z tadbirkorligini yo'lga qo'yishi, doimiy daromad manbaini yaratishiga ham ko'maklashib kelyapti. Ya'ni jamg'arma mablag'lari hisobidan dastlabki ishni boshlash uchun zarur bo'ladigan mini texnika, inventarlar xarid qilinib, foizsiz ijara asosida berish yo'lga qo'yilgan. Bularning hisobiga tadbirkorlar tomonidan yangi quvvatlash ishga tushirilib, birgina joriy yilning o'tgan davri mobaynida 1127 nafar ishsiz xotin-qiz va yoshlarning bandligi ta'minlandi.

    “Ozgina yordam ham katta kuch beradi”

    Sirdaryolik tadbirkor Bahodir Sindorov o'tgan yili Sayxunobod tumanida “Lily Textile Sayxun” MCHJ korhonasiga asos soldi. O'z mablag'i hisobidan bino va inshootlarni qurib bitkazgach, ish faoliyatini boshlash uchun bank kreditlariga extiyoj sezadi. Shunda Jamoat ishlari jamg'armasi tadbirkorga umumiy qiymati 251,7 million so'mlik 57 dona tikuv mashinasini 3 kun muddatda ijara asosida etkazib berdi. Natijada korxona ishga tushib, 90 nafar kishi doimiy ish o'rni bilan ta'minlandi.

    — Har qanday tadbirkor ishni boshlagan vaqtda ayrim kamchiliklar bo'lishi tabiiy. Shunday vaqtda ozgina yordam, qo'llab-quvvatlov ham odamga katta kuch beradi. Hozir yurtimizda ishbilarmonlar ana shunday ko'makni har qadamda his qilayotgani nihoyatda quvonarli, — deydi Bahodir Sindorov. — Xususan, Jamoat ishlari jamg'armasi tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan ko'mak boshqa insonlarni ham ish bilan ta'minlash, ularni kambag'allik va boqimandalik kayfiyatidan chiqarishga xizmat qilyapti.

    Korxona asosan tekstil` mahsulotlari ishlab chiqaradi. Joriy yilning yanvar—iyun oyi davomida umumiy qiymati 230 million so'mlik mahsulot ishlab chiqarilib, xaridorlarga yetkazildi. Milliy brend ostida chiqarilayotgan kiyim-kechaklarga xorij bozorida ham talab yuqori. Hatto, Rossiya davlati bilan umumiy qiymati 800 million so'mlik eksport shartnomasi imzolangan. Joriy yil 20 ming dollarlik mahsulot buyurtmachilarga yetkazildi.

    Farg'ona viloyati Buvayda tumanida 2020-yili tashkil etilgan “Buvayda sumkalari” xususiy korxona shaklidagi tikuvchilik tsexi ham 60 ta tikuv mashinasi ajratilishida amaliy yordam so'rab jamg'armaga murojaat qildi. Avvaliga loyiha bilan tanishib chiqdik. Korxona faoliyatini 50 nafar xodim, 45 ta uskuna bilan boshlagan. Sexda ichki va tashki bozor talabiga karab asosan ayollar sumkalari tikilar edi. Tadbirkor Zikrillo Usuvaliyevning murojaati asosida Jamg'arma tomonidan umumiy qiymati 329,2 million so'mlik 60 dona tikuv mashinasi ajratildi. SHundan so'ng uskunalar soni 105 taga etib, 70 nafar qo'shimcha ish o'rni yaratildi. Ishlab chiqarish quvvati bir necha barobar oshdi.

    Hozir korxonada 50 xildan ortik sumkalar ishlab chiqarilyapti. Sport sumkalari, xarbiy sumkalar, erkaklar uchun maxsus ish portfellari xam tikilyapti. Joriy yilning yanvar—iyun oylarida 600 million so'mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Kirg'iziston, Tojikiston davlatlari bilan umumiy qiymati 400 million so'mlik eksport shartnomasi imzolangan.

    Tadbirkor ayol 500 dan ortiq ish o'rni yaratdi

    Bugun mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligi ham rivojlanib boryapti. Mahalla tizimidan to davlat idoralarigacha ishbilarmonlikka qiziqishi bor ayollarni qo'llab-quvvatlash, kerak bo'lsa, ularni biror yo'nalishga o'qitib, so'ng ish boshlashi uchun imtiyozli kreditlar ajratilyapti.

    Sayxunobod tumanidagi “AG-TEX” xususiy korxonasi raxbari Gulchehra Nosirova ilk ish boshlagan kezlari amaliy ko'makka ehtiyoj sezadi. Jamg'armaga murojaat qilib, 4 dona aylanma to'quv trikotaj mashinasini ijara asosida olib berilishida amaliy yordam so'raydi. Ko'mak berilgach, tadbirkor ishni boshlab, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 10 nafar ishsiz va band bo'lmagan fuqarolarni doimiy ish bilan ta'minladi.

    Toshkent viloyati Bo'ka tumanida istiqomat qiladigan Saodatxon To'xtaboyevani ko'pchilik yaxshigina tadbirkor sifatida taniydi. Ayol yaqin yillardan “Bo'ston baraka nur” MCHJ tikuvchilik korxonasiga rahbarlik qiladi. Qanchadan-qancha xotin-qizlarni shu sohaga o'qitib, ish bilan ta'minlab kelyapti.

    Jamoat ishlari jamg'armasi ham ayolni doim qo'llab-quvvatlaydi. Birgina shu yilning yanvar-may oylarida tumanning “Bo'ston” mahallasida tashkil etilgan tsex faoliyati uchun jamg'arma mablag'lari hisobidan 203 ta zamonaviy tikuv mashinasi olib berildi. Natijada tadbirkor 500 dan ortiq mahalliy aholini ish bilan ta'minladi.

    Ushbu xayrli ish “Chovlisoy” mahallasida ham davom ettirildi. Saodat opa bu erda “Do'stlik” nomli tikuvchilik korxonasini ishga tushirdi. O'z hisobidan 19 ta to'quv, jamg'arma ko'magida 127 dona tikuv mashinasini qulay ijara shartlari asosida xarid qilgan ayol mahalladagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz aholi uchun 150 ta yangi ish o'rni yaratdi. Buning natijasida 120 ta oilaning kambag'allikdan chiqishiga erishildi.

    Tadbirkorning faolligi, qolaversa, yurtimizdagi qulay investitsion muhit xorijlik investorlarni ham o'ziga jalb qilgan. “Bo'ston baraka nur” MCHJ Turkiyalik investor Fotih Ko'chak bilan bir necha yillardan beri faol hamkorlik qilmoqda. Investor shu vaqtgacha Saodatxon To'xtaevaga texnolog sifatida ko'mak berib kelgan. Shu bilan birga, boshqa investorlarni jalb qilib, o'z ishini kengaytirish, klaster tashkil etishga kirishgan.

    Korxona va turkiyalik investor o'rtasida qiymati 3 milliard dollarlik investitsiya shartnomasi ham imzolangan. Fotih Ko'chak O'zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini yuksak baholaydi. Shu bois, Bo'ka tumanida joylashgan sanoat zonasidan bo'sh turgan chorvachilik fermasi binosini auktsion orqali xarid qildi. Bu erda tikuvchilik fabrikasini ishga tushirmoqchi. Buning uchun xorijiy davlatlardan zamonaviy to'quv dastgohlari, matoga rang berishning yangi texnologiyalarini olib kelib, 2023-yilgacha qo'shimcha investititsiya kiritishni rejalashtirgan.

    — Faoliyatimni boshlaganimga ko'p bo'lmagan bo'lsada, Italiya, Rossiya va Qozog'iston davlati buyurtmachilari bilan 650 ming dollarlik shartnomalar imzolashga erishib, mahsulotlar eksportini yo'lga qo'ydim, — deydi Saodatxon To'xtayeva. — Bunda Jamoat ishlari jamg'armasining bergan ko'magi beqiyos. Menga ishonch bildirib, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz 2 yil muddatga 10 foizli ijara asosida tikuv mashinalari olib berishdi. Bu orqali korxonalarim soni kengayib, ko'proq xotin-qizlar bandligi ta'minlanganidan xursandman. Chunki ayol ishlab, oilasiga daromad olib kirsa, ko'ngli xotirjam, hayotida farovonlik bo'ladi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Ayol baxtli bo'lsa — jamiyat baxtli bo'ladi”. Biz ana shu maqsadni hayotiy shiorimizga aylantirganmiz. Bu yo'lda jamg'arma bilan istiqbolli ishlarni davom ettirish niyatidamiz.

    Aytgandek, faol, g'ayratli tadbirkorni qo'llab-quvvatlash maqsadida Bo'ka tumani hokimining tashabbusi bilan “Alhajar” mahallasidagi bo'sh turgan bino “Bo'ston baraka nur” MCHJ balansiga bepul topshirildi. Bu orqali mahalladagi ishsiz va band bo'lmagan xotin-qizlar va yoshlarning doimiy bandligini ta'minlash, yangi ish o'rinlari yaratish, eng asosiysi, oilalarni kambag'allikdan chiqarishga erishilmoqda.

    Salohiddin SAMADOV,

    Jamoat ishlari jamg'armasi

    ijro etuvchi direktsiyasi rahbari

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 04.08.22, 157-sonida e'lon qilingan)